8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

18:06 / 02.02.2019 32351

Video: Tashkent City'ga uyushtirilgan ilk press-tur tafsilotlari

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahri markazida Tashkent City loyihasi amalga oshirilayotgani haqida bir necha bor xabar qilingan edi. Ayni loyiha atrofida turli xil xabarlar paydo bo‘lmoqda. 31 yanvar kuni mazkur loyihada ishlar qanday olib borilayotgani va OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berish maqsadida press-tur tashkil etildi. 

Jurnalistlar va operatorlar jamoasi dastavval Boulevard deb nomlangan turarjoylar majmuasi barpo etilayotgan 7-lotga tashrif buyurishdi. Ushbu majmuani qurayotgan Premium Village kompaniyasining 7-lot bo‘yicha rahbari Aleksandr Tson turarjoy binolari qurilishiga doir tafsilotlar bilan o‘rtoqlashdi. 

Video: Tas-IX

Video: Youtube

«Majmua fast-track, ya'ni parallel loyihalash asosida qurilmoqda. U 6ta ko‘p qavatli binolar majmuasidan iborat bo‘ladi. Har bir uy ostiga 582tadan uzunligi 14 metrlik 80 sm diametrdagi qoziqoyoqlar qoqilib chiqildi. Barcha uylar yerosti suvlaridan ishonchli himoyalangan», - dedi Aleksandr Tson. 

U, shuningdek, majmua 2020 yil may oyida foydalanishga topshirilishini bildirar ekan, turarjoy binolarining seysmik bardoshliligiga ham oydinlik kiritdi. 

«Ularning zilzila bardoshligi normativ bo‘yicha +9 balldir. Binolarning beton ishlarida 400 markali sement ishlatilmoqda. Bu 1 sm2.ga 400 kg yuk mos keladi, deganidir. Shunga binoan, bemalol ushbu uylardan xarid qilgan bo‘lar edim», - deya ta'kidladi 7-lot rahbari. 

Premium Village kompaniyasining 7-lot bo‘yicha rahbari Aleksandr Tson

Tsonning aytishicha, ishlar 2 smenada tashkil etilgan bo‘lib, birinchi smenada ishchilar soat 8-00dan 17-00 oralig‘ida ishlaydi. Ikkinchi smena kechki 20-00dan tonggi 5-00gacha davom etadi. 

«Menga 12 soat ishlaydigan ishchi kerak emas. Chunki, bu xavfsizlik jihatidan ham maqsadga muvofiq emas. Ko‘p ishlagan ishchi yoki xato qiladi, yo bo‘lmasa, biror kor-hol ro‘y berishi mumkin. Qolaversa, O‘zbekistonda ish soatlari belgilab berilgan. Shunga ko‘ra, ish va dam olish kunlari tashkil etiladi», - dedi Aleksandr Tson. 

Ta'kidlash o‘rinliki, OAV vakillariga quruvchilar uchun barpo etilgan sharoitlar ko‘rsatilishi aytilgan bo‘lsa-da, faqatgina Discover Invest xodimlari ishlayotgan ofisnigina ko‘rishga imkon berildi. 

Matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, Boulevard majmuasining 15 foiz xonadonlari sotib bo‘lingan. 

Shundan so‘ng, Tashkent City direksiyasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasi Qurilish departamenti, vazirliklar, Toshkent shahar hokimligi rahbar xodimlari ishtirok etib, OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi. 

Xususan, Tashkent City loyihasida 700 investor ishtirok etishni istamagan. Qolaversa, mahalliy banklar ham dastavval loyihaning jozibadorligiga ishonmagan. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Tashkent City loyihasiga investorlarni jalb qilish jarayoni qanday bo‘lgani xususida so‘zlab berdi. 

«Prezident menga Tashkent City qurilishini 3 yilda tugatish topshirig‘ini berdi. Men 700dan ortiq investor bilan uchrashdim. Ularning barchasi ishtirok etishdan bosh tortdi, chunki loyiha jozibador emas edi. Aholi uylarini buzish, odamlarni ko‘chirish va boshqa muammolar. Sarmoyadorlar buni 3 yilda tugatish mumkinligiga ishonishmadi. Keyin men Murad Buildings va Real House vakillariga loyiha jozibador ekanini tushuntirdim va ularni taklif etdim. Qiyinchiliklarga qaramay, ular rozilik bildirishdi. Xohlardimki, O‘zbekistonda shunday dovyurak tadbirkorlar ko‘paysa. 3 yilda tugashi kerak bo‘lgan loyiha ijrosiga hamma ham kirisha olmaydi», - dedi Ortiqxo‘jayev. 

Shahar hokimi shuningdek, loyiha amalga oshishiga mahalliy banklar ham ishonmagani, uylar buzilib, aholi ko‘chirilganidan so‘ng, banklar qiziqa boshlaganini ta'kidladi. 

«Dastlab banklar ham rad etdi. Men banklarga borib, boshqaruvchilar bilan gaplashdim. Uylar buzilib, aholi ko‘chirilganidan keyin vaziyat o‘zgardi. Banklar loyihaga qiziqish bildira boshladi. 1 gektar yer maydoni 2 mln AQSh dollariga baholandi. Loyihaning barcha ishtirokchilariga teng sharoitlar taqdim etildi», - deya qayd etdi shahar hokimi.

Press-tur doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida yirik loyihada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalarning yangidan tashkil etilgani xususidagi masalalarga ham oydinlik kiritildi. Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov kompaniyalar qanday qilib Tashkent City sarmoyadorlariga aylanganini izohladi. 

«Kompaniyalar bir yil, yarim yil avval tashkil etilgani hech qanday rol o‘ynamaydi. Bu dunyoda kuzatiladigan amaliyot. Ko‘pchilik, qandaydir loyihani amalga oshirish uchun yangi tuzilmalar tashkil etadi. «Special purpose vehicle» degan ibora bor. Samarali va ta'sirchan moliyaviy boshqaruvni hamda soliqqa tortishni amalga oshirish uchun yirik kompaniyalar o‘zlarining sho‘'ba korxonalarini tashkil etadi. U yaqinda tashkil etilgan bo‘lishi mumkin, biroq u aynan loyihani samarali boshqarish maqsadida tuziladi. Bunda qandaydir jinoiy alomatlar bo‘lishi mumkin emas», - dedi Laziz Qudratov.

Ma'lum qilinishicha, Tashkent City loyihasini amalga oshirish uchun 6 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Anjumanda, ishchilarning oylik maoshlari 1 mln 400 ming so‘mdan 2 mln 500 ming so‘mgacha ekani bildirildi. Bundan tashqari, ish joyida 3 mahal bepul issiq ovqat, har oyda 200 ming so‘mlik oziq-ovqat puli berilishi qayd etildi. 

Ta'kidlash o‘rinliki, matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayev, ijtimoiy tarmoqlar va xorij matbuotida Tashkent City loyihasiga doir ayrim xabarlar izoh berdi. 
U loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan kompaniyalarning ayrimlari Akfa kompaniyasiga tegishli ekanini tasdiqladi. Shu bilan birga, hokimlikka tayinlanayotganida Akfa Group holding kompaniyasidagi ulushini birovga berish talab etilmaganini bildirdi. 

Shahar hokimi OpenDemocracy saytida e'lon qilingan maqoladagi faktlar yuzasidan berilgan ochiqlovchi savolga javob berar ekan, Akfa holding kompaniyasida ulushga egaligini bildirib, hokim bo‘lishi, 20 yillik kompaniyasi ulushidan voz kechishini anglatmasligini ta'kidladi.  

«Haqiqatdan Akfa 20 yillik kompaniyam. O‘zim tashkil etganman kompaniyani. To‘g‘risini aytsam, hokim bo‘lish tushimga ham kirmagan. Yarim soat oldin eshitganman hokim bo‘lishimni. Ammo, 20 yillik kompaniyani, to‘g‘risini aytaman, 31 ming ishchisi bilan shundoq tashlab ketish...

Men hokim bo‘lganimda, prezidentimiz shu yerda (kompaniyada-tahr.) orttirgin tajribalaringni, deb hokim sifatida tayinlaganlar. Kompaniya boshqaruvini boshqa insonlarga, shogirdlaringga tashlab ketgin, degan talab bo‘lgan. Lekin hissangni bergin, degan talab bo‘lmagan. 

Agar, menda Boeing aksiyasi bo‘lsa, hokim bo‘lib, berib yuborishim kerakmi? Yoki Apple aksiyasi bo‘lsa qo‘limda, men ishni boshqarmayman u kompaniyada, hokim bo‘ldim, uni ham sotishim kerakmi?», - deya javob berdi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev. 

Poytaxt shahar hokimi, shuningdek, 3-lotda barpo etilayotgan Hilton mehmonxonasi va yirik mahalliy hamda xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan Congress-Hall binosi Akfa Dream World tomonidan barpo etilib, foydalanish uchun hukumatga beg‘araz topshirilishini ma'lum qildi.

«Akfa Dream World 3-lotdagi Hilton mehmonxonasi va yirik mahalliy hamda xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan Congress-Hall binosini quryapti. Biroq undan foyda ko‘rmaydi. Bular qurilib, hukumatga topshiriladi. Beg‘araz beriladi», - dedi Ortiqxo‘jayev.

Matbuot anjumanida turkiyalik sarmoyador Ahmet Demirning «Chorsu» mehmonxonasi bo‘yicha investitsiya majburiyatlariga doir so‘nggi bayonotlariga nisbatan hukumat vakillarining izohlari ham yangradi. Iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan G‘ulomovga ko‘ra, turkiyalik tadbirkor Ahmet Demir «Chorsu» mehmonxonasi bo‘yicha o‘z investitsiya majburiyatlarini hamon bajarmagan. Uning aytishicha, Demir Group kompaniyasi 2017 yil sentyabrida «Chorsu» mehmonxonasi binosini kamida 33 mln dollar miqdorida investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan nol xarid qiymatida sotib oldi. Biroq, investor «hech narsa qilmagan».

«To‘rt yulduzli mehmonxona bo‘lishi aytildi, katta va'dalar berildi, 30 million xorijiy investitsiya kiritilishi aytildi. Natijani ko‘ryapmiz. Va'dani bajarish o‘rniga, o‘zbek banklari pul bermagani, shuning uchun muddatlar kechikayotgani haqida gapirmoqda. Bu yerda o‘zbek banklarining nima aloqasi bor? Investor sarmoya kiritish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan edi. Ammo, sarmoya kiritgani yo‘q», - dedi G‘ulomov.

OAV vakillari bilan uchrashuv chog‘ida Toshkent metrosidagi poyezdlar harakatining sekinlashuvi Tashkent City qurilishi bilan bog‘liqmi, degan savolga ham mutasaddilar tomonidan oydinlik kiritildi. Tashkent City ma'muriyatidan ma'lum qilishlaricha, metro ustida hech qanday binolar qurilmayapti. 

Ma'lumki, 2018 yil sentabr oyi boshlarida poytaxt hokimligi ushbu uchastkada shpallar va relslar almashtirilayotganini ma'lum qilgandi. 

«Poyezdlar harakatlanishining sekinlashuvi shpallar va relslarni yangilashdagi texnik reglamentlarga bog‘liq. Poyezd tezligini pasaytirish yo‘l materiallarini «silliqlash» uchun talab qilinadi. Metro sostavlarining sekinlashishi 5 kundan 10 kungacha davom etadi, yo‘lovchilarning bezovta bo‘lishiga hech qanday sabab yo‘q», - degandi o‘shanda «Toshkentmetropoliteni» DUK harakatlanish xizmati boshlig‘i Sulton Qodirov.

Biroq, oradan 5 oy muddat o‘tdi hamki, «Xalklar Do‘stligi» va «Paxtakor» bekatlari orasidagi uchastkada poyezdlar harakatining sekinlashuvi hamon kuzatilmoqda.

Top