14:37 / 05.02.2019
17724

Freedom House yangi hisobotni e'lon qildi. O‘zbekiston haqida nimalar deyilgan?

Freedom House inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti «Freedom in the world 2019» («2019 yilda dunyodagi erkinlik») nomli hisobotni e'lon qildi.

Hisobot dunyoning 195 mamlakatidagi vaziyatni qiyosiy tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. Ulardan 86tasi (44%) erkin, 59tasi (30%) qisman erkin, 50tasi esa (26%) erkin bo‘lmagan, deb tan olindi.

Umuman olganda, hisobotda tashkilot dunyodagi global erkinlikni salbiy baholagan. Ekspertlarning fikricha, o‘tgan yil mobaynida jahonning 68 mamlakatida demokratiya va so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashdi, bu holat faqatgina 50ta davlatda yaxshilandi.

Freedom House’ning ta'kidlashicha, global pasayish 13 yildan beri davom etmoqda. O‘tgan yil mobaynida markaz erkin saylovlar va migrantlarning huquqlari bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yomonlashganini qayd etdi.

Shu bilan birga, ijobiy o‘zgarishlar hukumatlari xalqning erkinlikka intilish istagiga quloq solishga majbur bo‘lgan qator mamlakatlarda qayd etilgan. O‘tgan yili Angola, Armaniston, Efiopiya va Malayziyada tegishli jarayonlar sodir bo‘ldi.

Sobiq SSSR davlatlaridan qisman erkinlar orasida Armaniston, Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova va Ukraina qayd etilgan bo‘lsa, Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston erkin bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi.

Freedom House Yevrosiyo mintaqasidagi sezilarli o‘zgarishlardan biri sifatida O‘zbekistonda vaziyat yaxshilanganini ta'kidlagan.

«Bu mamlakat erkin bo‘lmagan bo‘lib qolmoqda va hatto eng yomon ro‘yxatdan chiqmayapti, biroq qatorasiga ikki yildan beri u yerdagi vaziyat yaxshilanmoqda, hukumat siyosiy mahbuslarni ozod etishni davom ettirmoqda va nodavlat tashkilotlar faoliyatiga cheklovlarni yumshatmoqda», - deyiladi hujjatda. 

 

Mavzuga oid
Top