10:13 / 05.02.2019
108974

Jo‘rabekov: «O‘zbekistonda hamma «yuqori»ning buyruqlarini so‘zsiz bajaravergan, deb o‘ylamaslik kerak»

Foto: Xalq so‘zi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasining mutaxassisi Ismoil Jo‘rabekov “Xalq so‘zi”ga intervyu berdi.

U o‘z suhbatida Orol dengizi qanday va nima uchun qurigani, bu fojiaga olib kelgan tushunarsiz qarorlar, dengiz “taqdiri”ni hal etishda muhim ahamiyat kasb etgan xatolar, shuningdek, boy berilgan ulkan ko‘lni tiklash mumkinmi yoki yo‘q ekanligi xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

Quyida intervyudan bir nechta iqtiboslar keltiriladi.

“1971 yili Mo‘ynoqqa katta yo‘ldan borgandik, o‘shanda hali yo‘lning o‘ng va so‘l tarafidan sohilga to‘lqinlar urilib turardi. Ammo 1972 yili suv qirg‘oqni tark etayotgani sezila boshladi. Eng og‘ir davr esa 1979-1980 yillarga to‘g‘ri keldi, o‘sha paytda dengiz qirg‘oqdan juda ham tez uzoqlashdi, bu uzoqlashish hatto yiliga 15 — 20 kilometrni tashkil etgan edi”.

“Biz Orolni yo‘qotayotganimizni qachon tushunib yetdik? O‘shandayoq bizga ma'lum ediki, bunchalik ko‘p yerni o‘zlashtirish oqibatida bu ko‘lga suv yetib bormaydi. Shuni bilaturib nega bu yirik loyihaga qo‘l urdik. Buning o‘ziga yarasha bir nechta sabablari bor edi...”.

“O‘zbekistonda hamma “yuqori”ning buyruqlarini so‘zsiz bajaravergan, deb o‘ylamaslik kerak. Orol dengiziga suv yetib bormasligi aniq bo‘lgach, mamlakatning Sharof Rashidov boshchiligidagi o‘sha paytdagi rahbariyati bu masalani sobiq ittifoq rahbariyatiga ko‘tarib chiqdi. U yerda bizni jiddiy eshitishdi, jiddiy qabul qilishdi va yakunda Sibir daryolarining ma'lum bir qismini O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga yo‘naltirish qaroriga kelindi. Agar yiliga 17 kub kilometrdan suv yo‘naltirilsa, bu mintaqani yalpi ofatdan asrab qolishi hamda yangi yerlarni o‘zlashtirishda Amudaryo va Sirdaryoga tushayotgan “yuk”ni kamaytirib, Orolni to‘ldirishi mumkinligi hisoblab chiqilgandi. Va bu borada ishlar boshlanib ham ketdi. Ammo...”.

“Uzoq vaqt mobaynida e'tiborsiz qolgani bois yillar davomida mashaqqatli mehnatlar evaziga erishilgan barcha narsa vayron bo‘ldi. Oqibatda bugun biz meliorativ ahvoli izdan chiqqan 600 ming gektar yerga “ega”miz. Shundan 200 ming gektari ayni paytda foydalanishga mutlaqo yaroqsiz holga kelgan”.

Top