22:09 / 05.02.2019
27675

Yerning magnit qutbi surilishi tezlashgani ma'lum qilindi 

Yerning Shimoliy magnit qutbi harakatlanishi tezligi oxirgi o‘n yilliklar davomida bir necha marotaba tezlashdi. Buni AQShning atrof-muhit haqidagi milliy instituti olimlari aniqlashdi. 

Mutaxassislar har 5 yilda magnit qutbi surilishi haqidagi ma'lumotlarni yangilab turuvchi World Magnetic Model loyihasi yangi ma'lumotlarini e'lon qilishdi. Navbatdagi o‘zgarishlarni 2020 yilda e'lon qilish rejalashtirilgandi, biroq magnit qutbi surilishi tezlashgani sababli ma'lumotlar barvaqt yangilandi.

Ma'lumotlardan magnit qutbi Kanadaning Arktikadagi sektoridan Sibir tomon harakatlanayotgani kelib chiqadi.

Qutb XX asrning aksariyat qismi davomida Kanada arxipelagida bo‘lgan va Shimoliy geografik qutb tomon yiliga taxminan 10 km surilgan. 1990-yillar oxirida mutaxassislar qutb surilishining sezilarli tezlashganiga e'tibor qaratishgan: 2001 yilda surilish tezligi yiliga 40 km.ni, 2007 yilda 50 km.ni, hozirgi kunda esa 55 km.ni tashkil qilmoqda. 

Taxmin qilinishicha, magnit maydoni harakatlanishi sayyoramiz yadrosidagi kutilmagan faollik sababli tezlashadi.

Qutbning surilishi davom etsa sayyoramizdagi butun navigatsiya xavf ostida qoladi. Tizimlardagi noaniqliklar noto‘g‘ri ishlayotgan asboblar bo‘yicha mo‘ljalni ololmay qoladigan samolyot va kemalarning katta sondagi falokatlariga olib kelishi mumkin.

Biroq mutaxassislarning ta'kidlashicha, bundan ham kattaroq muammo shundaki, qutb surilishi vaziyatida magnit maydonini shakllantiruvchi Yer ichidagi narsalar o‘zini qanday tutishi noma'lum. 

Taxminlardan biriga ko‘ra, millionlab yillar avval magnit qutblarining o‘zgarishi oqibatida sayyoramizda dinozavrlarning qirilib ketishiga olib kelgan global falokat yuz bergan.
 

Mavzuga oid
Top