12:15 / 06.02.2019
3586
Facebook’da jo‘natilgan xabarlarni o‘chirish imkoniyati paydo bo‘ldi 
Foto: Getty Images

Facebook messenjerida chatlarda yuborilgan xabarlarni o‘chirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqning ma'lum qilishicha, ushbu funksiya Messenger’ning iOS va Android operatsion tizimlari uchun yangi versiyasiga qo‘shilgan.

Xabarni o‘chirish uchun ekranda unga ikki marta bosish kerak. Shunda suzib chiquvchi menyu paydo bo‘lib, unda foydalanuvchiga ikki variantdan birini – xabarni barcha ishtirokchilar yoki faqat o‘zi uchun o‘chirishni (ayni vaqtgacha xabarlarni aynan shunday o‘chirish mumkin bo‘lgan) tanlash taklif etiladi.

Xabarni u jo‘natilgandan 10 daqiqa ichida o‘chirish mumkin. Bundan keyin funksiya amal qilmaydi.

Facebook xabarlarni o‘chirish imkoniyati ustida ishlar olib borilayotganini bir yil avval ma'lum qilgan. Bu ijtimoiy tarmoq asoschisi Mark Tsukerberg va Facebook’ning boshqa rahbarlari chatlardan xabarlarni o‘chira olishlari mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandan keyin qilingan.  

Bungacha oddiy foydalanuvchilar xabarlarni faqat o‘z sahifalaridan o‘chira olishgan, qolgan ishtirokchilarda u saqlanib qolgan. 

Top