21:32 / 06.02.2019
21213
Istanbulda 8 qavatli uy qulab tushdi. Vayronalar ostida odamlar qolmoqda 
Foto: REUTERS / Murad Sezer

Istanbulning Kartol tumanida 8 qavatli turar-joy binosi qulab tushdi. Vayronalar ostida o‘nlab odamlar qolmoqda.

Voqea joyiga tez yordam mashinalari, politsiya, o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar yetib kelgan. Ular vayronalarni tozalash ishlarini olib borishmoqda. Voqea oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 3 kishini chiqarib olishga muvaffaq bo‘lishgan.  

Binoda 43 kishi ro‘yxatga olingan bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, bino 1992 yilda qurilgan bo‘lib, uning yuqori 3 qavati noqonuniy ravishda qurilgan. 

“Vayronalar ostida fuqarolarimiz qolmoqda, 14 ta xonadonda 43 fuqaro ro‘yxatda bo‘lgan. Bino 1992 yilda qurilgan. Keyin yana 3 qavati noqonuniy tarzda qurilgan. Vayronalar ostida qolayotgan odamlar haqidagi raqamlar turlicha bo‘lgani sabab hozircha uni ma'lum qila olmayman”, deb aytgan Istanbul gubernatori Ali Yerliqoya.

Ma'lum qilinishicha, bino qulashidan avval portlash bo‘lmagan. Voqea sabablari hozircha aniqlanmagan. 

Istanbul prokuraturasi voqeani tergov qilishni boshlagan. Turkiya prezidenti topshirig‘i bilan mamlakat ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu hamda ekologiya va shaharsozlik vaziri Murat Kurum voqea joyiga yo‘l olishgan.

Top