12:40 / 06.02.2019
68756

Pora bilan ushlangan deputatga sud hukmi o‘qildi

Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashining sobiq deputati, pora bilan ushlangan Olimjon Abdunazarovich To‘xtanazarovga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Kun.uz manbasi xabar qilishicha, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») 3-qismi, «v» bandi bo‘yicha qo‘yilgan ayblov 168-moddaning 1-qismi va 211-moddaning («Pora berish») 1-qismi bilan qayta malakalangan hamda unga nisbatan 45 («Muayyan huquqdan mahrum qilish») va 57-modda («Harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish») qo‘llangan holda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 59,61-moddasi tartibida tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini to‘liq, mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 2 (ikki) yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, jami 3 yilu 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

JKning 62-moddasi tartibida 2018 yil 22 sentyabrdan 2019 yil 5 fevral kuniga qadar 4 oy 14 kun qamoqni har bir kunini ozodlikni cheklash jazosini bir kuniga hisoblab, tayinlangan jazodan chegirilib, 2 yil 8 oy 16 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.

Hukm chiqarishda sobiq deputatning oilaviy sharoiti va yagona boquvchiligi inobatga olingan.

Olimjon To‘xtanazarov muqaddam Pop tumanida maktab direktori lavozimida ishlagan, 2017 yilning noyabrida sud hukmi bilan lavozimidan ozod qilingan ayolga davlat organlaridagi mansabdor tanishlariga pora berish orqali muammoni 500 dollarga hal qilib berishini va'da qilgan va keyinroq pora olish chog‘ida ushlangandi.

U 2018 yilning 22 sentyabrida Namangan viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida arizachi I.M.dan 500 dollar pulni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingandi. 

Ushbu holat yuzasidan Olimjon To‘xtanazarovga nisbatan 22 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi («xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik»), 28-moddasi («jinoyatda ishtirokchilarning turlari») va 211-moddasi 1-qismi («pora berish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, Olimjon To‘xtanazarov xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi roziligi olingan holda, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi («ushlab turish asoslari») tartibida ushlangandi.

Mavzuga oid
Top