19:40 / 06.02.2019
16601

Prezident iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi

6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda eksport hajmlarini oshirish borasidagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, videoselektor orqali joylardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar rahbariyati, yirik kompaniyalar vakillari, elchilar ishtirok etdi.

«Eksport – iqtisodiyot barqarorligining asosiy omili. Valuta zaxiralarini ko‘paytirishning yagona yo‘li ham eksport hajmini keskin oshirishdir. Mamlakatimizda eksport faoliyatini yengillashtirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasida o‘tgan yili eksport hajmi 14 milliard 258 million dollarni tashkil etib, 13,6 foizga o‘sgan. Keyingi ikki yilda eksport geografiyasi 50ta davlatga kengayib, 140taga yetgan. Eksportga 120ta yangi turdagi mahsulot chiqarilgan. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 56 foizni tashkil etib, hududiy sanoat eksporti qariyb 1,7 barobar o‘sgan. Biroq, hali ham mamlakatimizning eksport salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda prezident eksportbop mahsulotlar tarkibini diversifikatsiya qilish, eksportda xomashyo bo‘lmagan mahsulotlar ulushini kamida 60 foizga yetkazish zarurligini ta'kidladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy eksport strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. 

Mazkur strategiya eksportyorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, «Doing Business» reytingida «tashqi savdo» ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori 50 mamlakat qatoriga kiritish masalalarini qamrab oladi. Xorij tajribasidan kelib chiqib, eksport qiluvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston eksportyorlar assambleyasi tashkil etiladi.

Videoselektorda eksportni ko‘paytirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etib, bu boradagi ishlarni jonlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘tgan yili hududiy eksport prognozi bajarilmagani, ayniqsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani qayd etildi. Hududiy meva-sabzavot eksporti prognozdan ancha kam bo‘lgani, bironta ham hududda bu boradagi reja bajarilmagani tanqid qilindi. 

Albatta, eksport jahon bozoridagi kon'yunkturaga ham bog‘liq. Xorijiy ekspertlar joriy yilda ham asosiy xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari past bo‘lishini prognoz qilishmoqda.

Shu bois mamlakatimizda 2019 yilgi eksport prognozi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p etib belgilandi. 

Davlatimiz rahbari eksport prognozini ta'minlashni aniq hisob-kitob asosida tashkil etish, bu borada yangi tizim yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. 

Unga muvofiq, avvalo, Respublika eksport shtabi faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Ushbu shtabdan vakillar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga biriktiriladi. 

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari o‘zlari mutasaddilik qiladigan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan eksport prognozi bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Respublika eksport shtabi, Bosh vazir o‘rinbosari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarmoqlar va hududlar bo‘yicha o‘n kunlik eksport jadvallarini ishlab chiqib, tuzilgan eksport shartnomalarini so‘zsiz bajarish hamda qo‘shimcha kelishuvlar imzolash choralarini ko‘radi.

Ikkinchidan, har bir hududda eksport bo‘yicha doimiy ishlaydigan viloyat shtablari, tumanlar va shaharlarda ishchi shtablar tashkil etiladi. Ularning mas'ulligida eksportbop mahsulotlar ekinlarini optimal joylashtirish, xo‘jaliklarni sifatli urug‘lar va ko‘chatlar bilan ta'minlash, hosilni nobud qilmasdan yig‘ib olish, saralash, qadoqlash, saqlash va qayta ishlash, mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarishgacha bo‘lgan yaxlit tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ushbu shtablar ichki va tashqi logistika, sertifikatsiya masalalariga, kichik biznes sub'yektlarining eksportini ko‘paytirish, kerak bo‘lsa, aylanma mablag‘lar uchun kreditlar ajratilishiga ko‘maklashadi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, har bir viloyat, tuman va shahar shtablari tarkibiga iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, bojxona, standart, savdo-sanoat palatasi, karantin bo‘yicha respublika idoralarining joylardagi boshqarma va bo‘limlari hamda tijorat banklaridan vakillar kiritiladi.

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ushbu shtablar rahbarlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarma va bo‘limlari ularning ishchi organlari hisoblanadi.

Hududdagi shtablar eksportyorlar bilan doimiy ravishda ishlab, muammolarini tezda hal qilib borishlari shart, deyildi yig‘ilishda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijalari «onlayn» ma'lumotlar bazasiga kiritilib, nazorat qilib boriladi. 

Uchinchidan, har bir vazir, har bir xo‘jalik birlashmasi rahbari o‘z yo‘nalishidagi korxonalar bo‘yicha, ular tarmoq yoki hududiy korxona bo‘lishidan qat'i nazar, eksport prognozi bajarilishi uchun javob beradi.

Misol uchun, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi klasterlarda paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab, uni chuqur qayta ishlashga, respublika bo‘yicha barcha tekstil mahsulotlari eksportiga mas'ul bo‘ladi.

Shu bois tarmoqlarda zamonaviy tejamkor texnologiyalarni qo‘llagan holda, yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligi ta'kidlandi. 

To‘rtinchidan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimini samarali ishga solib, korxonalarga tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashadi, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va xatarlarni sug‘urtalash choralarini ko‘radi. Ushbu Milliy tizim faoliyati Eksport shtablari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilishi, eng muhimi, korxonalar bu tizim samarasini sezishi kerakligi qayd etildi.

Beshinchidan, eksportni ta'minlashda barcha vazirlik va idoralar bevosita qatnashadi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi elchilar bilan birgalikda xorijiy davlatlardagi bozor talablari va buyurtmalarni aniqlab, eksport shtablariga muntazam taqdim etib boradi.

Hududlarga biriktirilgan elchilar hokimliklarga tashqi bozorlarda xaridor topish hamda mahalliy korxonalarni xorijiy davlatlardagi ko‘rgazmalarga yuborishga ko‘maklashadi.

Oltinchidan, transport va logistika xizmatlarini yaxshilashga katta e'tibor qaratiladi.

Ma'lumki, bu borada 20dan ortiq xalqaro transport koridorlari va yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan, avtomobilda xalqaro yuk tashish bo‘yicha 30 davlat bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Lekin logistika va yo‘l infratuzilmasi, chegara bojxona punktlari quvvati tobora o‘sib borayotgan tranzit talablariga to‘liq javob bermayapti.

Shu bois mutasaddilarga logistika markazlari va yo‘lbo‘yi infratuzilmasini yanada rivojlantirish, chegara bojxona punktlari texnik holati va o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash, transport vositalari va yuklarni rasmiylashtirishda axborot texnologiyalarini faol joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Samolyotda yo‘lovchi va tovarlar tashish uchun tarif siyosatini optimallashtirish, xususiy operatorlarga vagonlar parkini tashkil etishda ko‘maklashish, tranzit davlatlardan chegirmalar olish va eksportyorlarga tatbiq etish vazifalari qo‘yildi. 

Yettinchidan, eksport tovarlarini standartlashtirish va sertifikatlash talab darajasida emasligi, aksariyat standartlar jahon andozalariga mos kelmasligi ularni eksport qilishda jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Shu bois «O‘zstandart» agentligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda sertifikatlash va standartlashtirish bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi. 

Yig‘ilishda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Shu yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan 67ta tumanda ekinlarini optimal joylashtirish, yetishtirilgan meva-sabzavotlarning kamida 25 foizini eksportga yo‘naltirish zarurligi ta'kidlandi.  

Mazkur tumanlarda meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, shunday mahsulotlarni qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalarni ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

«Hamma aniq bilishi kerak: agar eksportbop meva-sabzavotlar sifatli yetishtirilmasa va xorijga yil davomida yetkazib berilmasa, ularning eksportini keskin oshirib bo‘lmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlariga yengillik yaratish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Boltiqbo‘yi davlatlari bilan «Yashil yo‘lak» tizimini joriy qilish, karantin xizmatlaridan belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, AQSh va Yevropa bozoriga kirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yig‘ilishda yana bir dolzarb vazifa – xizmatlar eksportini kengaytirish, ayniqsa, turizmni rivojlantirish istiqbollari ko‘rsatib o‘tildi. 

Makroiqtisodiy barqarorlik ko‘p jihatdan importni tartibga solishga ham bog‘liqligi ta'kidlanib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, importning tarif va notarif boshqaruv siyosatini takomillashtirish masalalariga e'tibor qaratildi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi. 

Top