21:40 / 07.02.2019
31289

Qozog‘istonda anomal sovuq. TIV qo‘shni davlat hududi orqali safar qilish xavfidan ogohlantirmoqda

Foto: Sputnik

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti fuqarolarni Qozog‘istonga safar qilishda qo‘shni mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati keskin tushib ketganini hisobga olishga chaqirdi.

«Qozog‘istonning ayrim mintaqalarida havo haroratining keskin sovushi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolarining e'tiborini mazkur mamlakatga kirganlarida, asosan uning shimoliy hududlarida harakatlanish uchun transport vositasini tanlayotganlarida hamda avtobus yoki boshqa avtomobil transporti turlarida Rossiyaga o‘tayotganlarida duch kelinadigan xavflarni hisobga olishlari zarurligiga qaratadi», — deya ta'kidlangan TIV xabarida.

O‘zbekiston elchixonasining Qozog‘istondagi Konsullik bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, kuchli sovuq sababli respublika ahamiyatidagi «Astana—Petropavlovsk» trassasi avtotransport vositalari uchun yopilgan, mahalliy aholiga esa safarlarga chiqmaslik tavsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftalarda ikki marta O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan yo‘lovchi avtobuslari yo‘llarda to‘xtab qolishi kuzatildi.

Kazgidromet saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 8 fevral kuni Qozog‘iston shimolida havo harorati kechasi 40 darajagacha sovishi, kunduzi qor bo‘roni bo‘lishi kutilmoqda. Janubi-sharqiy shamol 15−20 m/s tezlikda esib, ayrim joylarda 25 m/s ga qadar kuchayadi.

Sharqiy, shimoliy va markaziy Qozog‘istonda havo harorati kechki vaqtlarda 45 daraja sovuq, janubda esa 30 daraja sovuq bo‘lishi prognoz qilingan. Hududlarda qor bo‘roni, tuman va muzlash ro‘y berishi mumkin.

Qayd etilishicha, bu yil qish so‘nggi yetti yilda ichida eng sovug‘i bo‘lmoqda.

Mavzu
Migrantlar fojiasi
Xorijda mehnat qiluvchi o‘zbekistonliklar turli baxsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lishi holatlari davom etmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top