08:09 / 07.02.2019
33495

«Xitoy yoki NATOga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda»: shvetsiyalik tahlilchilar Rossiyaning rejalarini ma'lum qilishdi

Foto: Rossiya mudofaa vazirligi

Shvetsiyaning Mudofaa tadqiqotlari instituti (FOI) ekspertlari fikricha, Rossiya Xitoy yoki NATO miqyosidagi raqiblarga qarshi uzoq vaqt davom etadigan mintaqaviy urushlarni olib borishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. RIA «Novosti» FOI tadqiqoti bilan tanishib chiqdi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiya armiyasi bundan avval mahalliy nizolar yuz bergan holatda harakat qilish bo‘yicha variantlar ko‘rib chiqilgan mashqlarni o‘tkazgan bo‘lsa, endi rossiyalik harbiylarning mashqlari yanada keng ko‘lamga ega bo‘lmoqda. Dalil tariqasida mutaxassislar «G‘arb - 2017» va «Sharq - 2018» mashqlarining ko‘lamini taqqosladi: o‘tgan yili 300 ming harbiy jalb etildi, 2017 yilda esa - 100 ming.

Tadqiqot mualliflari so‘nggi paytlarda Rossiya armiyasining jangovar tayyorgarligi sezilarli darajada oshganiga e'tibor qaratishdi, bu Rossiya harbiylariga qisqa vaqt ichida jangovar harakatlarga o‘tish uchun imkon beradi.

«Rossiya mintaqaviy va vaqti ancha uzoq davom etadigan, Xitoy yoki NATO miqyosidagi ehtimoliy raqiblarga qarshi urushlarni olib borishga tayyorlanmoqda», - deya xulosa qilgan ekspertlar. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya gipertovushli raketani qachon yaratishi ma'lum qilingandi.

Top