20:02 / 08.02.2019
8280

O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi

O‘zbekiston prezidentining qarori bilan 2019-2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiyada quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

• milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan normativ-huquqiy bazani shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasining yadro xavfsizligining global rejimida ishtirok etishi, atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot faoliyatini ta'minlash, atom energetikasini tartibga solishning asosini yaratish, yadro-energetika dasturining shaffofligi va jamoatchilik uchun ochiqligini ta'minlash, malakali kadrlar bilan ta'minlash;

• birinchi AESni qurish, shu jumladan maydonchani tanlash va AESni joylashtirishni litsenziyalash, loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish;

• atom energiyasidan foydalanishda atrof-muhit muhofazasini va odamlarni radiatsiyadan himoya qilishni ta'minlash;

• xavfsiz va iqtisodiy samarador yadro yoqilg‘i siklini tashkil etish, shu jumladan atom energetikasini yadro yoqilg‘isi bilan uzoq muddatli ta'minlash, ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i bilan bog‘liq ishlarni xavfsiz amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, uni qayta ishlash va chiqindilarni utilizatsiya qilishni tashkil etish;

• atom energetikasini uzoq muddatli rivojlantirishni ta'minlash, shu jumladan, atom ilm-fani va texnologiyalarini rivojlantirish, AES qurilishi va uni ekspluatatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatimiz tashkilotlari tomonidan loyiha, konstruktorlik, ekologik va boshqa bilim va tajribani egallashni, kelajakdagi AESlar referent texnologiyalarini tanlash uchun yadro texnologiyalari tendensiyalarini o‘rganish.

Shuningdek, 2019-2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Yo‘l xaritasi quyidagi tadbirlarni bajarishni o‘z ichiga olgan: 

• yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish yoki ularning qoidalarini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga implementatsiya qilish, shuningdek atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida normalar va qoidalarni ishlab chiqish va qabul qilish;

• maydonchani tanlash va AESni joylashtirishni litsenziyalash, AES va uning tashqi infratuzilma obektlarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish;

• atrof-muhitni muhofaza qilish va radiatsiya himoyasi, shu jumladan ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isini olib chiqish va saqlash, shuningdek yangi va ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi bilan ishlash;

• atom ilm-fani va texnologiyalarini, shu jumladan iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlari uchun noenergetik yadro texnologiyalarini, yadro tibbiyoti va radiokimyoni rivojlantirish;

• Konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining tegishli o‘rinbosarlari zimmasiga “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek uning bajarilishini har choraqda tanqidiy muhokama qilishni tashkil etish;

vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga mustaqil ekspertlarni, shu jumladan xorijiy ekspertlarni keng jalb etgan holda “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish;

ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari rahbarlari zimmasiga “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar doirasida fundamental va amaliy fanni rivojlantirishni, shuningdek atom energetikasi uchun malakali kadrlar tayyorlashni ta'minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik belgilandi.

Top