17:50 / 08.02.2019
89429

«Prezident san'atkorlar reklamasiga muhtoj emas». «O‘zbekkonsert» rahbari Jahongir Poziljonovning klipiga izoh berdi

Foto: O‘zbekkonsert

Bugun, 8 fevral kuni, O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "Milliy estrada san'atining ahvoli, ayniqsa, yoshlar ma'naviyatining yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyati" mavzusidagi anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi ishlar, chora-tadbirlar muhokama etildi. 

Ma'lum bo‘lishicha, muassasa tomonidan tashkil etilgan san'atkorlar videokliplarini baholovchi Badiiy kengash 2018 yil 1 fevraldan boshlab yil yakuniga qadar 18 marotaba yig‘ilish o‘tkazgan. Unda 185ta videoklip taqdim etilib, ulardan 75tasi kamchiliklar tufayli qayta to‘g‘rilashga tavsiya etilgan, 45tasi esa talablarga javob bermaydi, deb topilgan.  

"Badiiy kengash zamonaviy kliplarga to‘siq qo‘yish uchun emas, balki tavsiya berish uchun xizmat qiladi. Albatta, kliplar saviyasini baholashda jamoatchilik fikri juda muhim. Mana birgina misol, Jahongir Otajonovning "Qaddi baland" qo‘shig‘i keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Chunki unga kengash tomonidan berilgan tavsiya xonanda tomonidan boshqacha tushunilgan, ya'ni u qo‘shiqdagi she'rga e'tiroz bildirilmoqda, deb tushungan. Aslida esa e'tiroz she'rga emas, xonanda tomonidan ishlangan klipga bo‘lgan. U yerda oila davrasida ko‘rib bo‘lmaydigan nojo‘ya hatti-harakatlar mavjud. Shu sababli tavsiya berilib, qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi.

Foto: O‘zbekkonsert

Yana bir masala, Jahongir Poziljonovning "Prezident bilan selfi" klipi bo‘yicha aytib o‘tmoqchiman. Mazkur qo‘shiq ijtimoiy tarmoqlarda keskin e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Bu tarona xonandaning ZO‘R TV kanali bilan tayyorlagan loyihasi bo‘lib, kengashga taqdim etilmagan. Keyinchalik, bu bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borildi. Bizning qo‘shiqni ayt yoki aytma, deb e'tiroz bildirish niyatimiz yo‘q. Biroq bir narsani bilib qo‘yish kerak, Prezidentimiz san'atkorlar reklamasiga muhtoj emas. Tan olish kerakki, amaliy ishlar natijasida Prezidentimizni bugungi kunda nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun dunyo tan olmoqda. Shuningdek, Prezidentimizning o‘zlari ham shaxsan "endi maqtash bo‘lmaydi, asosiy ish - amaliy ishlarga o‘tish, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p", deb aytganlar. Biz hozir Jahongir Poziljonovga indamasak, yaxshi ko‘rinish uchun ikkinchisi harakat qilib, qo‘shiq aytadi. Qarabsizki, tirnoqdan kir qidiruvchi ayrim OAV uchun yangi mavzu topiladi. San'atkorlarga hukumatning topshirig‘i berilgan degan mish-mishlar tarqaladi. Yana bir marotaba aytaman, san'atkorlar reklamasi kerak emas. Undan ko‘ra, Vatan uchun, xalq uchun xizmat qilaylik. Shuni o‘zi kifoya", - dedi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov.

Mavzuga oid
Top