17:30 / 08.02.2019
28693

Toshkent shahri logotipi bo‘yicha tanlov g‘olibi aniqlandi

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashining Facebook’dagi sahifasida Toshkent shahri logotipini tanlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘olibi e'lon qilindi.

O‘zbekiston poytaxti brendi uchun asosiy tayanch timsol bo‘lishi aytilgan logotip muallifi – Temur Sa'diy va MA’NO brending agentligi bo‘lgan.

Temur Sa'diy ko‘p yillardan buyon grafik dizayn va brending sohasida faoliyat olib boradi. Dizayner bir necha mashhur kompaniyalar logotiplari muallifi hisoblanadi, xalqaro Red Jolbors brending tanlovining doimiy ishtirokchisi, ekspert hakami hamdir.

Logotip kvadrat shaklida bo‘lib, uning markazida havorang T harfi, Toshkentning oltin darvozalari naqshi tasvirlangan. Logotipdan turli tadbirlar, transport vositalari, parklar, jamoat xizmatlari turlari uchun ham moslashtirib, turli talqinlarda foydalansa bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, Toshkent shahrining brend belgisi – logotipi va turistik logotipi turlicha. Yuqoridagi logotip Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi hay'ati tomonidan tanlangan bo‘lsa, turistik logotip esa Turizm departamenti tomonidan taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrining yagona brendi va logotipini ishlab chiqish bo‘yicha harakatlar 2018 yilning iyul oyidan boshlangan. Tanlovda o‘zbekistonlik taniqli grafik dizaynerlardan tashqari, rossiyalik mashhur dizaynerlik studiyasi «Lebedev studiyasi» ham ishtirok etgandi.

Mavzuga oid
Top