19:01 / 09.02.2019
7033

Loyiha boshqaruvi milliy agentligida Jahon banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: Loyiha boshqaruv milliy agentligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida yillik “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston o‘rnini yanada yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni muhokama qilish uchun Jahon banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Bahodir Bekovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarishlarni barcha manfaatdor tomonlar – davlat xizmatchilaridan tortib to iste'molchilargacha to‘g‘ri qo‘llashiga erishish zarur. Jahon banki so‘rovnomalari mazmunini noto‘g‘ri talqin qilish va tushunish holatlari uchrab turadi va bu hol reyting natijalariga ta'sir qilmoqda. Shuning uchun amalga oshirilayotgan takomillashtirishlar to‘g‘risida jamoatchilikni o‘z vaqtida va aniq xabardor qilish davlat organlari faoliyatining muhim ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lyapti.

Uchrashuvda O‘zbekiston ishbilarmonlik muhiti va sharoitini yaxshilash, litsenziyalash jarayonini soddalashtirish, davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni faol amalga oshirayotgani ta'kidlandi. 

Jahon banki vakillariga O‘zbekistonda kreditorlarni himoya qilish choralarini kuchaytirish, ularning talablarini qondirish, yerni xususiylashtirish institutini joriy etish, xo‘jalik sub'yektlarining ko‘plab tekshiruvlarini bekor qilish, muddatsiz litsenziyalarni joriy qilish, ruxsat berish tartiblarini bekor qilish va soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar haqida ma'lumot berildi.

Jahon banki vakillari amalga oshirilayotgan islohotlarning dinamikasi va miqyosini yuqori baholab, oxirgi foydalanuvchilar bilan aloqa o‘rnatishning muhimligini alohida ta'kidladilar. 

Bank vakillarining fikriga ko‘ra, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tegishlicha baholanishi kerak va “Doing Business” guruhi hisobotni tuzish uchun ma'lumot yig‘ishni joriy yilning may oyiga tugatishi sababli, qolgan davr mobaynida 2019 yil reytingini yaxshilash choralarini ko‘rish kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqarish milliy agentligi Jahon banki missiyasi bilan ishlashni davom ettirmoqda. Har ikki tomon ta'kidlaganidek, o‘zaro munosabatlarning asosiy g‘oyasi - muhimi reytinglar emas, balki iqtisodiyotning real holati, biznes yuritish tartibotlarining oddiyligi va osonligidir.

Ma'lumot uchun: O‘tgan yili amalga oshirilgan chora-tadbirlar hisobotning ayrim ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakat reytingining yaxshilanishida o‘z aksini topdi. Biroq umuman olganda O‘zbekistonning reytingi Jahon banki «Doing Business» guruhining 2018 yil uchun hisobotida o‘tgan yilga qaraganda 2 punktga pasaydi va 76-o‘ringa qo‘yildi. Shu bilan birga, ilg‘or marradan uzoqlik bo‘yicha mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini 1.08 foizli punktga yaxshiladi.

Mavzuga oid
Top