10:25 / 09.02.2019
11267

Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining vazifalari ma'lum bo‘ldi

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin. 

Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining respublikada tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati sohasida davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatiga:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi;

Inspeksiya huzurida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etiladigan Malaka komissiyasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari;

tumanlararo, tuman (shahar) va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK);

Inspeksiyaning pediatrik tibbiy-maslahat komissiyalari (PTMK) kiradi.

Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatiga rahbarlik qilish;

TMEK va PTMKlarning fuqarolarni hayot faoliyati cheklanganligini ekspertiza qilish, nogironlik guruhlarini, sabablarini, boshlangan vaqtini
va muddatlarini, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarni maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan va avtomat uzatgichli yengil transport vositalarini boshqarishga imkoniyati borligini aniqlash faoliyatiga rahbarlik qilish;

16 yoshdan kattalarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topishda, shu jumladan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb e'tirof etish uchun tibbiy xulosa berishda zarur tartib-taomillardan o‘tishning shaffofligi va ochiqligini ta'minlash, nogironlik belgilash tartibini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish;

davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilgan tibbiy va boshqa hujjatlar asosida ekspertiza natijalarini hamda fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish natijalarini doimiy ravishda o‘rganish asosida nogironlik holatini, dinamikasini va nogironlikka olib kelgan omillarni tizimli tahlil qilish;

nogironlikning oldini olish sohasida kompleks dasturlarni ishlab chiqishda, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy, ijtimoiy va kasb bo‘yicha reabilitatsiya va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda qatnashish;

TMEK va PTMK vrach-ekspertlarini lavozimiga tanlash va tavsiya etish bo‘yicha malaka komissiyasi faoliyatini tashkil qilish hamda vrach-ekspertlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarida ularga uslubiy yordam ko‘rsatish;

vrach-ekspertlarni manfaatlarini himoya qilish;

o‘tkazilgan ko‘rik va berilgan xulosalarning asoslanganligi yuzasidan TMEK
va PTMKlar faoliyatini nazorat qilish.

Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq tibbiy-mehnat ekspertiza sohasida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

TMEK va PTMKlar faoliyatini nazorat qiladi;

o‘tkazilgan tibbiy-mehnat ekspertizaning asosliligini tekshiradi;

TMEK va PTMKlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazib, o‘tkazilgan ko‘riklarning to‘g‘riligi va asosliligini, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalari mutaxassislarini jalb qilgan holda tibbiyot tashkilotlaridan taqdim etilgan birlamchi hujjatlarning to‘liqligi va asosliligini o‘rganish yo‘li bilan muntazam nazorat qiladi;

qonun hujjatlariga muvofiq, fuqaroni nogironligi bo‘lgan shaxs deb e'tirof etish maqsadida, ularning ko‘rikdan o‘tishlari uchun barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar berilishini ta'minlaydi;

shaxslarning hayot faoliyati cheklanganligi, kasbiy-mehnat layoqatining yo‘qotilish darajasi, ijtimoiy himoya choralariga bo‘lgan ehtiyojini, shuningdek maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan va avtomat uzatgichli yengil transport vositalarini boshqarishga o‘qitishga imkoniyati mavjudligini aniqlashni tashkil etadi;

TMEK va PTMKlarga tibbiy-mehnat ekspertiza va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya masalalari bo‘yicha uslubiy yordam ko‘rsatadi;

nogironlik holati va sababi bo‘yicha tizimli tahlil o‘tkazib, nogironlikka olib keluvchi faktorlarni o‘rganishda ishtirok etadi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga nogironlikning oldini olish bo‘yicha takliflar kiritadi;

fuqarolar ko‘rigi va qayta ko‘rigi hamda nogironlik ko‘rsatkichi bo‘yicha ma'lumotlar bazasini shakllantiradi;

TMEK va PTMK mutaxassislarining tibbiy-mehnat ekspertiza sohasida
va mutaxassisligi bo‘yicha (terapiya, nevrologiya, jarrohlik, ftiziatriya, oftalmologiya, psixiatriya, pediatriya, bolalar nevrologiyasi, bolalar jarrohligi va boshqalar) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlarini amalga oshiradi;

TMEK va PTMK vrachlariga malaka toifalarini berish (tasdiqlash) yuzasidan attestatsiya o‘tkazish tadbirlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;

TMEK va PTMKlarni joylashtirish, ularni zarur asbob-uskunalar va anjomlar bilan jihozlashni tashkil etadi, shuningdek qat'iy hisobda turadigan blankalar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga TMEK va PTMKlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

fuqarolarning tibbiy-mehnat ekspertizasi bo‘yicha hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiyasi masalasida qilgan murojaatlarini ko‘rib chiqadi;

Fuqarolarning TMEK va PTMKlar va mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) yuzasidan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi, agarda shikoyat asosli deb topilsa, unda ko‘rsatilgan masalalarni hal qilish bo‘yicha choralar ko‘radi.
Fuqarolarning tibbiy-mehnat ekspertizadan o‘tkazilishini tashkillashtirib, Bosh TMEK qaroridan norozi bo‘lib, shikoyat qilgan shaxslarni qayta tekshiruvdan o‘tkazish uchun boshqa xolis Bosh TMEK bazasida tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati ekspertlaridan zarur mutaxassislarni jalb qilgan holda maxsus komissiyalar tashkil etadi va avval qabul qilingan qaror o‘zgartirilgan taqdirda komissiya o‘tkazilgan joyda ma'lumotnoma beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati tubdan takomillashtirilishi xabar berilgandi.

Top