8624.51 USD +40.01

9676.7 EUR +2.83

136.92 RUB +0.58

10780.6 GBP -12.65

19:59 / 09.02.2019 34562

Xurshid Davron bilan suhbat: TVdagi taqiq, Rauf Parfi va she'riyatdagi sekinlashuv

O‘zbek xalqining atoqli farzandi Erkin Vohidov suhbatlardan birida “shoir o‘zi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo‘lmasa, boshqa qalblarga harorat berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday she'riy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yo‘q”, degan edi.

Umrining katta qismini o‘zbek adabiyoti va she'riyati rivoji uchun bag‘ishlagan qalbi yoniq ijodkorlar bilan qator uchrashuvlarni tashkil etib kelayotgan Kun.uzʼning bu galgi suhbatdoshi O‘zbekiston xalq shoiri, bir nechta xalqaro mukofotlar sovrindori Xurshid Davron bo‘ldi.

Video: Tas-IX

         

Video: Youtube.com

Suhbatimiz shoirning Toshkent shahridagi xonadoni, yana ham aniqrog‘i faqat o‘zi uchungina mo‘ljallangan, ikki mingdan ortiq kitoblar bilan to‘la ijodxonasida kechdi.

Shoir bilan suhbatlashar ekanmiz, uni o‘zimiz uchun haqiqatparvar, jamiyat oldida turgan muammolarni teran anglaydigan, dilidagini tiliga chiqarib dangal ayta oladigan va o‘zbek adabiyoti uchun jonkuyar inson sifatida qayta kashf etdik.

«Masalan, qanday insonlarning televideniye ekranlarida chiqarilmasligi haqida. Hozirgi davrda bo‘lgani kabi, televideniyeda ishlagan 20 yillik faoliyatimda ham shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan taqiqlarga bir necha bor duch kelganman. O‘shanda bu savolni rahbarlarga ko‘p bora berganman-u, ammo tayinli javob ololmaganman. Javob olganlarimda esa taqiqni birinchi prezidentimiz nomi bilan bog‘lashardi, yani, rahbar tomonidan ruxsat yo‘q, degan ma'noda.

Ammo bilardimki, bularning hammasi ham prezident tashabbusi bilan qilingan ishlar emasdi. “Televideniyeda ko‘rsatmaslik” topshirig‘i odatda sal pastroqdagi davlat amaldorlarining shaxsiy istaklari natijasi bo‘lardi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi latifa qilib aytgulik darajada kulgili. Birgina misol, bir kuni bizga “Zamira Suyunova ekranga chiqarilmasin!” degan topshiriq keldi. Tabiiyki, menda qiziqish uyg‘ondi: xo‘sh, bu topshiriq kim tomonidan berilgan? Surishtirishlar natijasida aniqladimki, prezident aslida “Dutorchi qizlar” ansambli faoliyatini yanada rivojlantirish, unga yosh ishtirokchilarni jalb qilishni bir nechta rahbarga vazifa qilib bergan. Ammo vazifa olgan amaldorlar uning natijasi keyinchalik bizdan so‘rab qolinmasin, ekrandagi Zamira Suyunova orqali berilgan o‘sha topshiriq eslanmasin, deya shu taqiqni o‘ylab topishgan.

Yaxshi eslayman, bunday taqiqlar o‘z vaqtida Erkin Vohidov, Begali Qosimov, Botir Zokirovlarga nisbatan ham qo‘yilgan.

Shaxsan o‘zim ham hozirgacha “O‘zbekiston televideniyesida ko‘rsatilmaslik taqiqi”dagi insonlardan biriman chunki, o‘z vaqtida kanal rahbarlarini o‘zim to‘g‘ri, deb bilgan jihatlarda tanqid qilganman.

Shoir Rauf Parfiga nisbatan bugungi kunda qo‘yilayotgan cheklovga nima sabab bo‘layotganiga esa rosti, tushunmayman. O‘ylashimcha, bunday vaziyatlarda telekanallarning boshida turgan insonlar o‘z rahbarlik kursisini yo‘qotishdan qo‘rqishi kerakmas, haqiqat tomonda turishga kuch topa olishlari kerak», - deydi Xurshid Davron.

Bundan tashqari, suhbat davomida shoir va publitsist Xurshid Davron XX asr o‘zbek she'riyati muhiti, o‘zbek she'riyatining Muhammad Yusufdan keyin sekinlashib qolishi sabablari haqida so‘zlab berdi. Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Top