16:30 / 13.02.2019
8175

2018 yil IV chorakda qaysi iste'mol tovarlarining qimmatlashishi aholi uchun yuqori ta'sirchan ahamiyatga ega bo‘ldi? 

Foto: mixnews.lv

2018 yil IV chorakdagi aholi va tadbirkorlik sub'yektlari inflyatsion kutilmalari to‘g‘risida ma'lumot berildi

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, 2018 yilning IV choragida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarida qisqa hamda o‘rta muddat davomida narxlar barqarorligi bo‘yicha avvalgi choraklarga nisbatan ehtiyotkorona yondashuv kuzatildi. 

Markaziy bank xabariga ko‘ra, bu holat inflatsiyaning aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalari dinamikasida o‘z aksini topgan.

Shuningdek, mazkur chorakda sezilgan inflatsiya darajasida o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, dekabr oyi natijalari yil boshidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan past bo‘ldi. 

Noyabr oyida jismoniy va yuridik shaxslar qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarining yil davomidagi eng yuqori darajasi qayd etilib, IV chorak oxirida (dekabr oyida) uning pasayishi kuzatildi. O‘rta muddatli kutilmalardagi o‘zgarishlar esa mo‘'tadil bo‘lib nisbatan yuqori darajada saqlanib qoldi. 

Mazkur davrda inflyatsion kutilmalar kommunal to‘lovlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari va ish haqi oshishi hamda milliy valuta qadrsizlanishi sharoitida shakllandi. Shu bilan birga, chorak oxirida inflyatsion kutilmalar dinamikasida optimistik tendensiya shakllana boshlaganligi kuzatildi.

Ushbu davrda sezilgan inflatsiya bo‘yicha savolga respondentlar tomonidan belgilangan javoblarda narxlar “yuqori darajada o‘sdi” va “avvalgi darajada oshdi” variantlari ulushi o‘tgan chorak natijalariga nisbatan kattaroq bo‘ldi, narxlar “o‘zgarmadi” varianti ulushi esa qisqardi.

IV chorakda asosiy iste'mol tovarlaridan non, guruch, pomidor, bodring, bug‘doy uni va mol go‘shti qimmatlashishi aholi uchun yuqori ta'sirchan ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek dekabr oyidagi natijalar kommunal to‘lovlari, yo‘l haqi va benzin narxlari oshganini qayd etgan respondentlar ulushi keskin ortganini ko‘rsatdi.

Umuman 2018 yil davomida “oxirgi oyda narxi yuqori darajada oshgan mahsulot” bo‘yicha savolga so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslarning aksariyati mol go‘shti (66 foizi), guruch (55 foizi), qo‘y go‘shti (50 foizi), pomidor va bodring (44 foizi) mahsulotlarini qayd etgan.

Respondentlar fikriga ko‘ra, IV chorakda narxlar oshishiga asosan almashuv kursi o‘zgarishi, tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflari narxi hamda ish haqi oshishi sabab bo‘lgan.

Top