19:00 / 14.02.2019
25610

Jang natijasiga protest va sport hijobi. G‘ofur Rahimov AIBA kelajagi haqidagi fikrlarini bildirdi

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

9-10 fevral kunlarida Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan AIBA ijroqo‘m a'zolarining ikki kunlik yig‘ilishida tashkilot prezidenti  – G‘ofur Rahimov AIBA kelajagiga doir fikrlarini bildirib o‘tdi. 

«Istanbulda samarali va mazmunli o‘tgan ikki kunlik AIBA ijroqo‘m yig‘ilishidan so‘ng, boks oilasi kelajagi haqidagi o‘ylarimni o‘rtoqlashishni lozim topdim. Avval ham ta'kidlanganidek, sportimizni rivojlantirish va ilgari surish uchun ko‘p yaxshi qarorlar qabul qilindi va dolzarb muhokamalar tashkil etildi. 

Biz sportimizga bo‘lgan ishonchni orttirish va fair-play maqsadida ayrim texnik qoidalarni o‘zgartiryapmiz. 

Xususan, AIBA yangi tartib kiritadi, unga ko‘ra milliy boks federatsiyalari agar hakamlar qarorini adolatsiz deb bilishsa, jang natijasi bo‘yicha protest bildirishi mumkin bo‘ladi. Protest to‘g‘ridan-to‘g‘ri jang o‘tkazilgan joyda topshiriladi va videoyozuvlar ko‘rib chiqilib, yakuniy qaror qabul qilinadi.

Biz sportda tenglik va inklyuzivlikni ta'minlash uchun libos formasiga o‘zgartish kiritish uchun yangiliklarga qo‘l urdik. Ringga chiqadigan bokschilarning formalari bo‘yicha o‘zgarishlar joriy qilinadi: formada faqat milliy bayroqlar ranglaridan foydalanish mumkin bo‘ladi, ayol bokschilarga esa agar diniy e'tiqodlari shuni talab qilsa, sport hijoblarida jang qilishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, men «Munosib kelajak» tashabbusini e'lon qildim, Atletlar komicsiyasi muvaqqat vakillarini tayinladik, ular butun dunyodagi atlet guruhlari bilan ishlaydi. Atletlarimiz sportimiz kelajagi, ular ijodkor, kuchga to‘la va ularga quloq tutish kerak. Bu tashabbus tashkilot strategiyasi – «bokschilar tarbiyalagan bokschilar» g‘oyasiga yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi», deyiladi Rahimovning nutqida. 

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning noyabrida Moskva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi Kongressida AIBA`ning rahbar lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tgan va 2018 yil boshidan tashkilot prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lgan G‘ofur Rahimov lavozimga rasman saylangandi.

Mavzuga oid
Top