08:51 / 14.02.2019
10584

Maykl Blumberg Trampga qarshi kurashga 500 mln dollar ajratishni rejalashtirmoqda – OAV 

Foto: EPA

Nyu-Yorkning sobiq meri, amerikalik milliarder Maykl Blumberg AQSh prezidenti Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatga saylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kamida 500 mln dollar sarflamoqchi. 

Hozircha milliarder 2020 yilgi saylovlarda o‘zi ishtirok etishi yoki boshqa nomzodning kampaniyasini moliyalashtirishi noma'lum. Bu haqda nomi ma'lum qilinmagan demokratlarga iqtibos keltirgan holda Politico nashri xabar berdi. 

Blumberg o‘z vaqtida Nyu-York meri lavozimi uchun saylovlarga 100 mln dollar sarflagan.

Ta'kidlanishicha, 500 mln dollar sarf-xarajatlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin – bu mablag‘lar partiya praymerizlaridan o‘tish uchun sarflanadi. Bu qiymat Blumberg boyligining 1 foizinigina tashkil qiladi.

2018 yil noyabridan beri Blumbergga “A reja” va “B reja”ni tuzayotgan polittexnologlar jamoasi ishlamoqda.

Birinchi rejaga ko‘ra, milliarderning o‘zi Demokratik partiya nomidan saylovlarda ishtirok etadi.

Ikkinchi reja esa Blumberg demokratlar tomonidan ilgari surilgan nomzodga “Tramp prezidentligiga barham berish” uchun yordam berishini ko‘zda tutadi.

Blumberg Nyu-York meri lavozimini 2001 yilda egallagan va keyinchalik bu lavozimga ikki marta qayta saylangan.

Milliarder dastlab Respublikachilar partiyasi a'zosi bo‘lgan. Biroq 2018 yilda u Demokratik partiya safiga qo‘shilishga qaror qilgan.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top