8389.97 USD +11.93

9491.57 EUR +3.44

129.72 RUB +0.63

11082.3 GBP -51.27

16:33 / 14.02.2019 41022

Xarobalarda hali odamlar bor. Farg‘ona shahri hokimligi esa mavzuni yopdi

Yanvar oyi boshida Farg‘ona shahri markazidagi «Gidroliz» shaharchasidagi 1946—1947 yillarda qurilgan ikki qavatli ko‘p xonadonli uylarni buzish boshlanib, bu uylarda yashovchi odamlar OAVga shikoyat qilib chiqqach, shahar markazida bo‘layotgan ishlarga ko‘pchilik e'tibor qaratgandi.

Avval ham bu masalani o‘rgangan Kun.uz ijodiy guruhi jarayonning davomini bilish maqsadida vodiy safarini aynan Farg‘ona shahridan boshladi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Buzilayotgan hududga yetib kelganimizda yomg‘ir sharros quyayotgan edi. Qiyin sharoitda qolgan kishilar bizni darrov o‘rab olishdi.

Keliboq «bo‘shatinglar» deyishdi

«Bu yerda hech qanday rasmiy javob bo‘lmagan. Hammasi og‘zaki tarzda aytildi. Men o‘zim Moskvada mehnat ta'tilida edim. O‘sha joydan keldim. Hokimlik tomonidan avvaliga, «Uy topinglar, lekin qimmat bo‘lmasin», degan takliflar berilgan edi. Ma'lum vaqtdan so‘ng, umuman daragi yo‘q bo‘lib ketishdi. Prezidentga muammoimizni yozdik. «Natijasi bo‘lsa kerak», deb bemalol yuraverganmiz. Hokimiyatdan hech qanaqa hujjat kelmagan. 2 yanvarda kelib, «Falonchi falonchi joyga ko‘chadi! Narsalaringizni yig‘ishtiring» deyishdi. Uyni hali ko‘rmagan ham edik. Bir hafta tin olishdi-da, 8 yanvarda buzilish ishlari boshlandi. Ularning aytishicha, o‘sha yozda kelganlari ogohlantirish bo‘lgan ekan.

Lekin, biror odam bizga hokim qarorini ko‘rsata olmadi. Farg‘ona shahar hokimi kelgan edi, unga ham shu gapni aytdim. Odamlar yangi uyga hali ko‘chib ulgurmasidan uyini buzishni boshlab yuborishgani juda katta qiyinchiliklar tug‘dirdi», - deydi shikoyatchilardan biri Svetlana Tursunova.

«O‘sha kuni uyda mehmonlarim bor edi. Qog‘oz olib kelishdi. «Shu joy sizlarniki, shu yerga ko‘chasizlar. Uylaringiz «snos»ga tushdi, zudlik bilan xarakatni boshlang, deyishdi. Bizga oldin hech qanday qog‘oz berilmagan», -deya ta'kidlaydi Munira Tursunova.

 

«Holatni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Tomni buzib tashlashgani uchun uyimiz shiftidan chakka o‘tmoqda. Har qanday vaqtda shift qulab ketishi mumkin. Biz faqat o‘z qonuniy haqqimizni talab qilyapmiz. 4 kishi yashaymiz. Men, 88 yoshli onam, nabiram va jiyanim. Menga esa bir xonali kvartira taklif qilishyapti. Buni qanday tushunish mumkin? Men buni masxaralash sifatida qabul qilaman. 70 yil yashab hayotda ko‘p narsani ko‘rdim. Bunday holatga tushishni hech kimga ravo ko‘rmayman. Biz o‘z huquqlarini biladigan odamlarmiz. Axir, Vazirlar Mahkamasining 97-qarorida yozib qo‘yilgan-ku? Avval, uy qurish, unga fuqarolarni ko‘chirish va keyin uyni buzish kerak. Bizda esa teskarisi bo‘lyapti. Avval buzilyapti, keyin boshqa ishlar qilinyapti», - deydi buzilgan uylardan birida yashayotgan Bogdan Bubnyak.

«Hozir uyimizning yarmini buzib bo‘lishdi. Ular uyda 93 yoshli, I guruh nogironi bo‘lgan onam borligiga ham e'tibor berishmayapti. Ustalardan buzmaslikni so‘rasak, «bizga bog‘liq emas, menga hokim o‘rinbosari va ichki ishlar rahbarlari buyurishyapti» deydi. Prorab (qurilish ish boshqaruvchisi) hokim o‘rinbosariga bu uyni onam borligi sababli buzmasligini aytibdi. Ular devor yoriqlarini ham suratga olishdi», -  deydi Tatyana Vasileva.

Buzilayotgan uylar oralab

Murojaatchilar chorlovi bilan uylar ichiga kirdik. Ochig‘ini aytish kerak, biz bu joyda ko‘p vaqt qolmagan bo‘lsak ham har daqiqa yuragimiz hadikda bo‘ldi. Har qanday vaqtda yo tom shifti, yoki ostimizdagi pol qulab tushishi hech gap emas edi.

Uylar oralab yurgan vaqtimizda yoriqlardan iborat va hademay qulash arafasida bo‘lgan uylarning birida yashab kelayotgan 93 yoshli onaxonni ham kirib ko‘rdik. Qizi uylarini ko‘zdan kechirishimizni, holat qay darajaga kelganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishimizni xohladi.

Shahar hokimligi mutasaddilari bu kishilarning dardiga quloq solib, rozi qilib ko‘chirish harakatini qilmagan.

Hokimiyat ostonasidagi mavhumlik

Buzilayotgan va buzilib bo‘lgan uylarni ko‘zdan kechirib bo‘lgach, Farg‘ona shahar hokimiyatiga yo‘l oldik. Bu hokimiyatga boshqa murojaatlar sabab ham ko‘p yo‘limiz tushgan. Muxbirlar ushbu hokimiyat to‘siqlaridan nariga  o‘tishi qiyin.

Darvoza oldidagi qo‘riqchilar uchrashuv tashkillashtirib berish uchun avval «kattakon»larga qo‘ng‘iroq qilishdi. So‘ngra, noma'lum sabab tufayli ma'lum muddat eshik oldida qoldik. Ma'lum muddat o‘tgach, Farg‘ona shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sharifjon Niyazmetov bilan eshik oldida ko‘rishishga muyassar bo‘ldik. Bu kishi bizga ko‘chirilmagan odamlar qolmaganini, hech qanday muammo yo‘qligini ma'lum qildi va juda ham shoshib turganini aytdi.

Hokim o‘rinbosarining «muammo yo‘qligi va biror odam qolmagani» haqidagi so‘zlaridan keyin o‘zimiz ham ikkilanib qoldik. Biz biroz avval arvohlar bilan so‘zlashgandikmi? Buzilayotgan joylar shunchaki ko‘zimizga ko‘rindimi ekan?

Avvalo, biz Farg‘onaga bo‘layotgan muammoli holatni «kavlash» uchun emas, bir oydan beri butun dunyoga ovoza bo‘layotgan «ko‘chish» masalasi qanday yakun topganini bilish uchun kelgandik. Oddiy aholi vakillari orasida hali ham muammosi hal bo‘lmaganlari bilan suhbatlasha oldik. Biroq mutasaddilar masalaga qanday yechim topilgani haqida ma'lumot bermagani bizni hayron qoldirdi.

Bahodir Ahmedov

Top