11:10 / 15.02.2019
26364

Qaysi davlatlarda muhojirlar ko‘p va nima uchun?

Ko‘pchilikning fikricha, bugungi kunda muhojirlar yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekiston eng yetakchi davlatlardan biriga aylanib qolgan. Aslida ham shundaymi? Umuman, dunyoda qancha odam muhojirga aylangan va ular qaysi davlatlardan qaysi davlatlarga ko‘chishgan? Quyida shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda millionlab yurtdoshlarimiz xorijda yashab ishlashmoqda. Ammo juda ko‘pchilik chetga chiqib ketganini his qilsakda, O‘zbekiston muhojirlar soni (emigratsiya) bo‘yicha ham, bizga keluvchilar (immigratsiya) borasida ham kuchli o‘nlikka kirmaydi. O‘zbekistonlik muhojirlar, xususan mehnat muhojirlari asosan 5 yo‘nalish – Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya va AQShga yo‘l oladi.

Xorijdagi o‘zbekistonliklar tomonidan jo‘natilayotgan mablag‘ bo‘yicha reytingda davlatlar joylashuvi sal o‘zgaradi: Rossiya (77 foiz), Qozog‘iston (6 foiz), AQSh, Turkiya (4 foizdan), Janubiy Koreya (2 foiz).  

O‘zbekistonga aynan ishlash maqsadida keluvchilar deyarli yo‘q, mamlakatimiz hozircha mehnat muhojirlarini jalb qiluvchi davlatlar qatoriga kirmagan.

Ma'lumot uchun: Asrimizga kelib migratsiya yangi bosqichga chiqdi. Oldin yuz ming yoki millionlarni qamragan bu ijtimoiy jarayon bugungi kunga kelib yuzlab million insonlar hayotiga daxldor bo‘lib qoldi. Ayni paytda dunyo bo‘ylab deyarli 260 million nafardan ortiq muhojirlar bor. Ularning 165 million nafardan ortig‘i mehnat muhojirlari bo‘lib, 96 millioni erkaklar, 68 millioni ayollardan iborat. BMT ma'lumotlariga qaraganda, ularning soni 2000 yilga nisbatan 49 foizga ortgan.

Mehnat migratsiyasi – mehnatga layoqatli insonlarning yuqori daromadli ish ilinjida bir davlat ichida yoki davlatlararo (o‘zi tug‘ilgan davlatdan tashqariga) ko‘chishi va bir yildan ortiq muddat bo‘lishidir. Bu kuchli iqtisodiy omil bo‘lib, bir tarafdan ishchilarga bo‘lgan talabni qondirsa, ikkinchi tarafdan ishsizlik muammosi og‘ir bo‘lgan hududlardagi taranglikni yumshatishga xizmat qiladi.

Biror davlatga migratsiya oqimining ko‘payish sabablari oddiy va tushunarli:

1. Iqtisodiy rivojlanish;

2. Liberal qonunlar;

3. Yaqin qo‘shnilarda iqtisodiy tanglik;

4. Iqlim o‘zgarishlari, notinchlik, kamsitishlar tufayli yashash uchun qulay sharoitlar izlash;

5. Demografik ko‘rsatkichlar pasayishi ortidan muhojirlar kelishini rag‘batlantirish.

Ma'lumot uchun: Dunyodagi 260 million muhojirning 50 foizi 10ta davlatdan, 67 foizi 20ta davlatdan qo‘nim topgan. Muhojirlar tomonidan 2018 yilga kelib jo‘natilgan mablag‘lar miqdori 600 mlrd AQSh dollaridan ortib ketgan va bu pulning 450 mlrd dollari rivojlanayotgan davlatlarga (jumladan O‘zbekistonga) yo‘llangan. Muhojirlar daromadlarining o‘rtacha 85 foizini o‘z yurtlariga jo‘natib, 15 foizinigina ishlayotgan davlatlari iqtisodiga kirgizadilar.

Muhojirlar oqimi bo‘yicha yuz yillardan buyon AQSh yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda. Bu davlatda 50 millionga yaqin muhojir yashaydi (dunyo migrantlarining taqriban 20 foizi) va ularning 25 foizga yaqini noqonuniy muhojirlardir. Rasmiy ma'lumotlar bo‘yicha AQShda 60 ming nafar o‘zbekistonlik yashaydi. Saudiya Arabistoni (12 millionga yaqin), BAA kabi davlatlar ham muhojirlarga «boy» davlatlar hisoblanadi. Buyuk Britaniyada ham 9 million muhojir bor. Uzoq yillar Germaniya AQShdan so‘ng ikkinchilikni saqlab turdi. Ammo Rossiya bu davlatdan o‘zib ketdi (garchi rasmiy ma'lumotlarda har ikki davlatda 12 million nafardan ortiq muhojir borligi qayd etilgan bo‘lsada, Rossiyadagi noqonuniy muhojirlar soni ancha ko‘p).

Buning o‘ziga xos va aynan O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lgan sabablari bor. Chunki, Rossiyadagi mehnat muhojirlarining mutlaq ko‘pchiligi o‘zbekistonliklardir.

Rossiyaga yo‘nalgan migratsiyaning o‘ziga xos va asosiy jihati, albatta, mehnat muhojirlari O‘zbekistonga jo‘natgan pul miqdorida. Bu miqdor ham har yili Rossiya iqtisodiga mutanosib ravishda o‘zgarib turadi. Masalan, 2016 yili 2,68 mlrd AQSh dollari jo‘natilgan bo‘lsa, 2017 yilning uch choragidayoq bu ko‘rsatkich 2,7 mlrd dollardan oshib ketgan. 2018 yilning 1-choragida jismoniy shaxslar Rossiyadan O‘zbekistonga 726 million dollar yuborishgan. Bu esa 2017 yilning shu davriga nisbatan 17 foizga ko‘pligini ko‘rsatadi.

Bu boradagi rekord ko‘rsatkich 2012–2013-yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha yillari o‘zbekistonlik muhojirlar Rossiyadan vataniga bir yilda 6,7 mlrd AQSh dollari jo‘natishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik bu mablag‘ kamaya boshladi. Buning bir necha sabablari bor edi: Qrim voqeasidan so‘ng Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llandi, AQSh dollarining qiymati avval Rossiyada, keyinchalik MDH davlatlarida ancha oshdi, Rossiya muhojirlarga mehnat qilish huquqini berishda talab qilinuvchi hujjatlarni keskin ko‘paytirdi, o‘zbekistonlik muhojirlar ham yuqoridagi muammolar tufayli boshqa yo‘nalishlarni tanlay boshlashdi.

Fuqarolari tomonidan o‘zga davlatlar mehnat bozorini egallash uchun tark etilayotgan davlatlar orasida yetakchilar: Hindiston (16 mln kishi), Meksika (13 mln), Rossiya (10,5 mln), Xitoy (10 mln), Pokiston, Bangladesh, va Afrika qit'asining qator davlatlaridir. Birgina AQShning o‘zida 12 million nafardan ortiq meksikalik, 5 million nafar atrofida xitoylik yashaydi. Shuningdek, hozirgi kunda Suriya va Iroqdan ketayotgan muhojirlar soni ham ortib bormoqda. 5 million nafardan ortiq kishi notinchliklar tufayli bu hududlarni tark etgan.

Qiziqarli faktlar:

* 2016 yilda Tojikiston YaIM 7 mlrd dollarni tashkil etgani holda Rossiyadagi muhojirlar jo‘natgan mablag‘ miqdori 2 mlrd dollarga yaqin bo‘lgan;

* Ayrim mahalliy aholi vakillari muhojirlar ko‘pligidan noliydi. Ammo Isroil, AQSh kabi davlatlar deyarli to‘liq muhojirlardan tashkil topgan va iqtisodi baquvvat, farovon davlatlar hisoblanishadi;

* Muhojirlarning taxminan 30 foizigina o‘z sohasida faoliyat yuritadi. Qolganlari faoliyat turini o‘zgartirishga majbur bo‘lishadi;

* Moskvada tug‘ilayotgan bolalarning taxminan 7 foizi muhojirlarning farzandlaridir.

Abror Zohidov tayyorladi

Top