22:59 / 16.02.2019
13404

Aholini yangi turar-joyga ko‘chirish bo‘yicha mobil guruh tashkillashtirilishi mumkin

Toshkent shahrida yangi qurilish ishlari, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Ammo bu borada bir qator muammolarga ham duch kelinayotgani shahar hokimiyati o‘tkazgan matbuot anjumanida ta'kidlandi. 

Xususan, hokimiyat apparati vakillarining aytishicha, eski uylar buzilib, aholini yangi turar-joyga ko‘chirishda fuqarolar o‘rtasida norozilik holatlari ham uchramoqda. Bunday e'tirozlar asosan uy narxining belgilanishi, kompensatsiya to‘lovi, kafolat xati, ko‘chishni istamaslik kabilar bilan bog‘liq.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bu borada shahar kengashi deputatlaridan qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

«16 nafar odamdan 14tasi yangi uyga ko‘chishga rozi. Lekin ikkitasi ko‘chmayman, bu mening ota uyim, deb oyoq tirab turadi. Kompensatsiya to‘lanishiga ham, uyning oshirib baholanishiga ham rozi bo‘lmay turaveradi. Bunday vaziyatda biz nima qilishimiz kerak?! Bu borada tushuntirish ishlarini olib borishda deputatlarning faolroq bo‘lishini istardim. Chunki ularni xalqning o‘zi ishonib saylagan», — degan u.

Yig‘ilishda aholini yangi turar-joylarga ko‘chirishda muammolar yuzaga kelganda maxsus ishlovchi mobil guruhni tashkillashtirish taklif qilindi. Taklifga ko‘ra,  bu guruhga shahar hokimiyati, tuman kengashi deputati, mahalla fuqarolar yig‘inidan vakillar kiritiladi. 

Xonadon egalari yangi turar-joyga ko‘chishni istamaganda, uyni baholashda ziddiyatlar yuzaga kelganda, hujjatlar bilan bog‘liq kelishmovchiliklarda mobil guruh ishga aralashadi va muammoni bartaraf etishga yordam beradi.

Mazkur taklif shahar hokimiyati apparati hamda anjuman ishtirokchilari tomonidan ma'qullandi. U tez orada amaliyotga joriy etilishi ham mumkin.

Top