22:10 / 16.02.2019
34184

Qay biri to‘g‘ri: «O‘zbekiston tarixi»mi yoki «Jahon tarixi»?

Darsliklardagi juz'iy xatolar, fakt va raqamlarning xato ko‘rsatilishi o‘quvchilarni chalg‘itmoqda, o‘zlashtirish darajasiga ta'sir qilmoqda. Bu borada Ma’rifat nashrida pedagog e'tirozi keltirib o‘tilgan. 

Buxoro tumanidagi 13-IDUM o‘qituvchisi Usmonjon Haydarovning yozishicha, amalda qo‘llanilayotgan tarix darsliklarida bir necha ziddiyatli o‘rinlar mavjud.

«Xususan, 8-sinf «O‘zbekiston tarixi» darsligining 115-betida Qo‘qon xonligi 1710 yilda tashkil topgan, deyilgan. Xuddi shu darslikning 117-betida esa bu sana 1709 yil deb ko‘rsatilgan. Eron — Rossiya urushi (90-bet) haqida ham xuddi shunday xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Darslikda mazkur urush 1826 — 1829 yillarda sodir bo‘lgan, deya yozilgan. 8-sinf «Jahon tarixi» darsligida esa bu urush borasida 1826 — 1828 yillar ko‘rsatilgan», — deb yozadi u. 

Shuningdek, muallifning bayon qilishicha, fan o‘qituvchilarining samarali faoliyat olib borishiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo — mavzuli xarita va atlaslarning yo‘qligi. Ularsiz tarixiy davlatlar, joylar, ularning hududi to‘g‘risida tasavvur uyg‘otish mushkulligidir.

Avvalroq yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish maqsadida «O‘qituvchi» nashriyot-ijodiy matbaa uyi ikki tuzilmaga ajratilib, tuzilmalardan biri ilmiy-uslubiy noshirlik markaziga aylantirilishi haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar bergan edi

Agentlik bosh direktori Komil Allamjonovga ko‘ra, mas'uliyatli muharrirlar va tajribali pedagoglar jamoasi birga ishlashi nazarda tutilmoqda.  

«Markazda ilm-fan mutaxassislari, yuqori pedagogik tajribaga ega soha vakillari hamda mas'uliyatli muharrirlar, musahhihlar guruhi jamlanadi. Ularga yangi avlod darsliklarini ishlab chiqishlari uchun barcha zarur sharoit yaratib beriladi», — deb aytgandi.

Mazkur o‘zgarish yuqoridagi singari muammolar uchun ham yechim bo‘la olsa ajabmas.

Top