12:36 / 16.02.2019
4349

Statistika qo‘mitasi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni o‘sganini ma'lum qildi

Foto: iStock

2019 yil 1 fevral holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 7810tani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2202taga yoki 39,3 foizga o‘sgan.

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu korxonalarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Xitoy, Qozog‘iston va Koreya Respublikasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning 4116tasi qo‘shma, 3694tasi esa xorijiy korxonalar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Hududlar kesimida xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahrida 4865ta (jamidagi ulushi 62,3%), Toshkent viloyatida 863ta (11%) va Samarqand viloyatida 408tani (5,2%) tashkil etgan. Eng kam xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar Xorazm viloyatida 78ta (1%), Qashqadaryoda 90ta (1,2%), Navoiy viloyatida 120ta (1,5%) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 124tani (1,6%) tashkil etgan.

Faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi sanoat va savdo faoliyat turiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, eng kam ulush sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda axborot va aloqa faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi. 

2019 yilning yanvar oyida xorijiy kapital ishtirokidagi yangi tashkil etilgan korxonalarning soni 281tani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 176taga ko‘paygan.

Top