10:55 / 17.02.2019
82486
«Hojatxona inqilobi» amalda ham bo‘ldimi? Yana o‘sha o‘lmas mavzuga qaytib

Hojatxonalar masalasida ko‘p va xo‘b yozildi. 2018 yil boshida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda mamlakatimiz fuqarolari va xorijiy mehmonlar uchun sayohat davomida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida hojatxona xizmatini takomillashtirish bo‘yicha keskin islohotlar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi. Avvalo xorijiy sayyohlar, o‘z xalqimiz uchun qulay hojatxonalar juda kamligi tan olindi va masala yechimi yuzasidan qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Hojatxona qurib ishga tushirganlarga bir qancha soliq imtiyozlari taklif qilindi. Yurtimizda endi «Hojatxona inqilobi» ro‘y beradigandek edi. Ammo hanuz bir joyda depsinib turgandekmiz.

Bekobod tumani, Zafar shaharchasi, 2017 yil. Foto: KUN.UZ

Hojatxonalar muammosi nafaqat bizda, balki butun dunyoda murakkab muammolardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston

Dastlab dunyoni qo‘yaturamizda, o‘zimizdagi ahvol to‘g‘risida gaplashamiz. Oddiy misol, shaharlarni bog‘lovchi katta yo‘llar yoqasida teskari qarab hojatini chiqarayotgan odamlarga albatta ko‘zimiz tushadi. Avval bunday holat faqat uzoq yo‘llarda kuzatilardi, hozir yirik shaharlarda, hatto poytaxtda ham «yo‘l chetiga o‘tish» odat tusiga kirmoqda.

Yo‘llar chetlariga hojatxonalar qurish masalasi bir necha marta ko‘tarildi va yana o‘shancha marta unutildi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari, do‘konlar ham hech bo‘lmasa o‘z xaridorlari uchun sifatli xizmatni yo‘lga qo‘yishni o‘ylamadi, o‘ylaganlari, amalga oshirganlari ham bizning «o‘ta kuchli madaniyatimiz» tufayli qo‘llarini yuvib qo‘ltiqqa urdilar. Ishlab turganlariga ham servis nolga yaqin bo‘lgani holda durustgina pul to‘lanadi. Mayli, shularning ham boriga shukr, harqalay jonga oro kiradi. Lekin ular juda kam.

Misollarga e'tibor bering: poytaxtdagi Oybek metrosidan «Shahrisabz» ko‘chasi bo‘ylab Mustaqillik maydoniga qadar boraylik. Maqsad yagona — hojatxona topish! Ammo ko‘chalar gavjum, obod, katta-katta binolar bisyor, ammo o‘sha kichkinasi yo‘q. Yoki Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab Chilonzor metrosidan Novza metrosiga qadar 3 kilometrga yaqin masofada birorta hojatxona uchratmaysiz. Go‘yoki bunday maskan shahar qiyofasini buzadigandek. Xo‘sh, shahar qiyofasini hojatga zarurati tug‘ilganlar majburiyatdan buzishmaydimi? Bu hali davlatimiz markazi bo‘lgan poytaxtdagi ahvol. Viloyatlardagi vaziyatni tasavvur qilish mushkul emas.

O‘zbekistonda bu muammo bo‘yicha alohida tadqiqot olib borilgani, rasmiy ma'lumotlar chop etilganidan bexabarmiz. Bir qarashda muammo u qadar yaqqol ko‘zga tashlanmasa-da, qilinadigan ishlar hali ko‘p. Qishloq hududlarida hamon chuqurlar shaklidagi hojatxonalardan foydalaniladi, ayrimlari oqar suv havzalariga ulab yuborilgan, «ochiq osmon osti»dan hojatxona o‘rnida foydalanishdan ham to‘liq voz kechilmagan. Tumanlarda, hatto viloyat markazlarida ham markaziy kanalizatsiya tizimida muammolar bor, suv ta'minoti past darajada. Tibbiyot tizimi yetarli rivojlangani, har qanday yuqumli kasalliklarning ko‘payishiga jiddiy qaralishi tufayli bu muammo ortidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asoratlargina jilovlab turiladi.

Alohida masala – hojatxonadan foydalanish madaniyati.

Bu muammo yaxlit qaralganda qars ikki qo‘ldan chiqayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bizda jamoat hojatxonalari yo‘q hisobi, borlaridan ham lozim darajada foydalana olmaymiz, kirib chiqarkanmiz, o‘zimizdan keyingi ahvolni faqat o‘zimiz bilamiz.

Buni bir misol bilan tushuntirish mumkin. Yangi masjidlar qurilmoqda, mavjudlari ta'mirlanmoqda. Ularda birinchi navbatda va qurilishi zarur bo‘lgan bino tahoratxonalardir. Yangi masjid, yangi tahoratxona. Kirganingizda bahri-dilingiz ochiladi. Har qadamda hojatxonadan foydalanish odobi haqida e'lonlar osilgan. Ammo masjid xodimlari har qancha harakat qilishmasin, ortimizdan tozalashmasin, ko‘p o‘tmay har qanday tahoratxonani abgor holatga keltiramiz qo‘yamiz.

Aslida bor hojatxonalarni ham badbo‘y qilayotgan, o‘zidan keyin birovni yaqinlashtirmay qo‘yadigan, bu jarayonga faqat burun jiyiradigan holat degan tushunchani ongimizga singdirib olgan sizu biz emasmi?! Turizm bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston umumiy uyimiz deymiz, uyimizga ko‘p sonli va obro‘li mehmonlar kelishmoqda. Xo‘sh, ularni qanday kutib olamiz? Qanday jihatlar bilan mehmonlar yodida qolamiz?! Davlat hojatxonalar muammosiga jiddiy kirishgudek bo‘lsa, biz ularni lozim darajada saqlay olamizmi?

O‘zimizku birorta bunday maskan qurishni, ishga tushirishni xayolimizga ham keltirmaymiz. Ammo boridan to‘g‘ri foydalana bilishni ham boplaymiz. Jamoat hojatxonalarining kirish eshigidan tortib eng ichki xonasigacha, suv saqlagich bakigacha turli-tuman ogohlantiruvchi yozuvlar ilib tashlangan: «Iflos qilmang!», «Suvni haydang!», «Qog‘ozni chelakka tashlang!», «Pista chaqmang», «Nos tuflamang!», «Chekmang!»... Darvoqe, chekuvchilar!.. O, bu endi alohida mavzuning ichidagi alohida mavzu. Chekish va hojat jarayonini uyg‘unlashtira bilgan, o‘zi har ikki «lazzat»dan bahra olgani yetmaganday, ketganidan so‘ng qoldirgan hidiga suvarak ham mast bo‘lib ag‘dariladigan bunday insonlar qanday paydo bo‘ladi, qayerdan keladi, bunisi endi rosa katta savol.

Dunyo – «Butunjahon hojatxona tashkiloti»

Ha, aynan mana shunday tuzilma bor va u juda jiddiy tashkilot hisoblanadi. Singapurda asos solingan «Butunjahon hojatxona tashkiloti» aynan mana shu masala bilan dunyo miqyosida shug‘ullanadi va ularning tadqiqotlari hayratga soladi.

Yigirma birinchi asrga kelib ham qashshoq davlatlarda qishloqlar qolib, butun bir shaharlar ham markaziy kanalizatsiya tizimiga ega emas va davlatlarning iqtisodiy ahvoliga ko‘ra yaqin yillarda ega bo‘lmaydi ham. Insonlar esa yashashda davom etadi, ulardagi tabiiy jarayonlar ham to‘xtab qolmaydi, albatta. Va shusiz ham abgor hududlar yana inson organizmidan chiqayotgan chiqitga botib ketaveradi.

2015 yilda BMT ochiq osmon ostida hojat chiqarishga butunlay barham berish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan. Bunga yetarli asoslar bor. Hindiston, Bangladesh, Keniya, Haiti, Serra-Leone kabi davlatlarda milliardlab odamlar yetarli sharoit yo‘qligi tufayli ko‘chalardan hojat chiqaradi. Bu atrof-muhit, tozalikka ta'sir qilmay qolmaydi.

Ma'lumot uchun: Har yili antisanitar holat, zararli suv ortidan kelib chiqqan kasalliklar tufayli 1,5 million nafarga yaqin bola nobud bo‘ladi. Mazkur holat hojatxonalar muammosiga uzviy bog‘liq. Bu bezgak, qizamiq va OITS kabi kasalliklar tufayli yuz beradigan o‘limlar soni jamlanganida hosil bo‘ladigan raqamdan ham ko‘proqdir!

Ko‘p davlatlarda qizlar hayz ko‘rishdagi noqulayliklar, hojat chiqarish uchun sharoit yo‘qligi kabi sabablar tufayli maktabga umuman borishmaydi. Ayniqsa, Hindistonda katta aholi punktlarida ham hojatxonalarning umuman yo‘qligi asrlardan buyon muammo bo‘lib kelmoqda. Ko‘chalardan hojatxona sifatida foydalanish odat tusiga kirib qolgan, bunga qarshi kurashda inglizlarning jazo qo‘llashi-yu, sabr bilan saboq berishlari ham, Maxatma Gandining «Sanitariya biz uchun mustaqillikdan muhimroq!» degan iztirobli undovi ham kerakli natijani bermagan. Hindistonda hamon bu odatdan voz kechilmayapti.

1,33 milliard odam yashovchi bu davlatda aholining deyarli yarmi (dahshatli raqam) yo to‘g‘ri kelgan ochiq joy yoki oddiy va iflos chuqurlardan hojatxona o‘rnida foydalanadi. Qishloq aholisining 72 foizi yashash uchun minimal sharoitga ham ega emasligi hisoblab chiqilgan. Muammo ortidan chiqib kelgan asoratlar ham juda jiddiy – 2015 yilning 4 iyulida 17 yoshli qiz ko‘chada hojat chiqarishga uyalgan, ota-onasi esa o‘zlarining asriy odatidan voz kechmagan holda hojatxona qurishmagan. Bu esa qizning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan. Uttar-Pradesh shtatidagi ikki o‘smir qiz kechasi tabiiy ehtiyoj tufayli ko‘chaga chiqqan va bir guruh zo‘ravonlar tomonidan zo‘rlanib, osib o‘ldirilgan.

2012 yil statistikasiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 1 milliard odam muntazam ravishda ochiq osmon ostidan hojatxona o‘rnida foydalangan va raqam kamaygani yo‘q. Shu bois, dunyoning eng boy insonlaridan biri Bill Geyts ham insonlarni hech bo‘lmaganda minimal sharoit bilan ta'minlashga bel bog‘lagan va uning fondi kichik hamda arzon hojatxonalar loyihasi yechimi uchun 5 mln dollar mablag‘ ajratgani, buning uchun dunyoning yetakchi tadqiqot markazlari o‘z takliflarini kiritganlari bejiz emas.

Xulosa qisqa – inson o‘z umrining taxminan 6 oyini hojatxonalarda o‘tkazadi. Uyat hisoblangan bu jarayonga sarflagan vaqtimiz sanatoriy yoki kurortda dam olishimiz, aksariyat yaqin qarindoshlarimiz bilan birga o‘tkazgan onlarimizdan ham ko‘proq.

Abror Zohidov

Top