19:28 / 17.02.2019
31522

Toshkent shahar hokimiyati «Polkushka» yuzasidan izoh berdi

Mirobod tumani «Lolazor» mahallasi (xalq tilida «Polkushka»)dagi uylarning buzilishi o‘ylab amalga oshirilgan, chunki ular avariyali holatga kelib qolgan, deb hisoblaydi Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Davron Hidoyatov. U bu haqda 16 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida o‘z fikrini bildirdi.

Hidoyatovga ko‘ra, poytaxtdagi bir va ikki qavatli uylar 1850tani, uch qavatli uylar esa 3000dan ortiqni tashkil etadi. Ularning me'moriy qurilishi hozirgi kun talabiga javob bermaydi, chidamliligi yildan yilga kamayib bormoqda. Ular 4-5 balli zilzilaga ham dosh bera olmasligi mumkin.

«Ikki qavatli uylarga kommunal xizmat ko‘rsatish ham muammoli masala. Hozirgi holatida ularning kvadrat metri uchun 800 so‘mdan kommunal to‘lov to‘g‘ri keladi, agar tomni almashtiradigan bo‘lsak, narx o‘z-o‘zidan 8 mingga ko‘tariladi. Bu samarasiz. Undan ko‘ra yangi turar-joy qurish maqsadga muvofiq, ustiga-ustak gap nafaqat uy haqida, balki yaqin-atrofning ham obodonlashishi haqida ketmoqda», — deydi hokim o‘rinbosari.

Mazkur mahalla qarashli bo‘lgan Mirobod tuman hokimi Shuhrat Po‘latov buzilayotgan uylar hech qanday tarixiy ahamiyatga ega emasligini ta'kidladi.

«Buzilish faqatgina beshta 2 qavatli uylar haqida ketmoqda. Ular 19 asr oxirida qurilgan. U yerda noqonuniy qurilishlar ham amalga oshirilgan ─ ilgari hojatxona tashqarida edi, odamlarning o‘zi uyning ichida qurib olishgan. Agar bu noqonuniy qo‘shimchalarni buzadigan bo‘lsak, keyin aholi sarson bo‘lmaydimi? Ustiga-ustak, ular 1966 yilgi zilziladan keyin ta'mirlangan. Shundan beri ancha vaqt o‘tdi. Ular zilzilaga dosh bera olishiga hech kim kafolat bermaydi. Shuning uchun «Polkushka»da olib borilayotgan ishlar o‘rinli deb hisoblayman», — dedi tuman hokimi. 

Shuningdek, Po‘latov tarixiy ahamiyatga ega uylarni ko‘chirish masalasida investorlarga aholi bilan gaplashish, ularning fikrini eshitish taklif qilinganini, odamlar rozi bo‘lmasa, hech qanday buzish ishlari amalga oshirilmasligini ta'kidladi.

Avvalroq, Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati Mirobod tumani «Lolazor» mahallasida joylashgan 3-qavatli uy-joylarning buzilmasligini tasdiqlagandi

Hidoyatovning bildirishicha, buzilishi belgilangan hududlar egalari bilan kelishuvga erishilgandan so‘ng, yetkazilgan zararni ular talab etilgan mulk shaklida taqdim etilgandan so‘ng, yangi qurilishlar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid
Top