15:52 / 18.02.2019
8156

Nafaqa pullarini o‘zlashtirishda ayblangan pochta xodimasi oqlandi

Foto: Fotolia

1967 yilda Termiz tumanida tug‘ilgan, to‘rt nafar farzandning onasi Aynaxol Mo‘minova shu tumandagi Alisher Navoiy mahallasida oilasi bilan yashab kelgan. Ko‘p yillar davomida "O‘zbekis­ton pochtasi" idorasining Surxondaryo filiali Uchqizil poch­ta aloqa tarmog‘iga qarashli "Namuna" aloqa bo‘limi xabarchisi lavozimida fao­liyat yuritib kelayotgan edi.

Uning ish vazifasiga o‘ziga biriktirilgan hududdagi nafaqaxo‘rlarga pensiya tarqatish ham kirardi, u zimmasidagi bu vazifani birovning bir so‘miga ham xiyonat qilmasdan o‘z vaqtida ado etardi.  

Taassufki, kutilmaganda, Aynaxol Mo‘minovaning ishlari teskarisiga ketdi. 2014 yilda u ishlayotgan "Namuna" aloqa bo‘limida tekshirish o‘tkazildi.Tekshirish natijasida ush­bu alo­qa bo‘limining boshlig‘i R. Sid­diqov katta miqdordagi nafaqa pulini nafaqaxo‘rlarga tarqatmay o‘z foydasiga o‘zlashtirib yuborgani ma'lum bo‘ldi.

O‘ziga qa­rashli hududdagi nafaqaxo‘r­larga pensiya pullarini o‘z vaqtida tarqatib yurgani uchun Aynaxol bu noxush voqeadan dilgir bo‘l­gan bo‘lsa-da, o‘z ishi­dan ko‘ng­li to‘q edi.

Lekin u ishlayotgan alo­qa idorasini taftish qilgan taftishchilar unga ham katta miqdordagi nafaqa pulini o‘z­­­lashtirib yuborgan, degan ayb­ni qo‘ydilar.

— Menga qo‘yilgan ayb tuhmatdan iborat, chuqurroq tekshiringlar, men hech kimning pulini o‘zlashtirmaganman, — deya Aynaxol tekshiruvchilarga qayta-qayta aytdi, iltimos qildi.

Ammo taftishchilar uning gaplariga parvo ham qilmadilar.

Bo‘lim boshlig‘i R. Siddiqov va A. Mo‘minova ustidan jinoyat­ ishi qo‘zg‘atildi. Aynaxol  bu jinoyat ishini tergov qilayotgan tergovchilarga aybi yo‘qligini, pensiya pullarini egalariga tarqatganman, vedomostlarni ko‘ringlar, deb xudoning zorini qildi.

Vazifasi oqni-oqqa, qo­ra­ni-qoraga ajratish bo‘lgan tergov organi uning vajlarini, qonun talab qilganidek, sinchiklab o‘rganish o‘rniga asossiz va yuzaki dalillarga tayanib, Aynaxol Mo‘minovani jinoyat sodir qilganligi tasdiqlandi, degan xulosaga keldilar va uni 2014 yil 12 oktyabrda hibsga oldilar.

So‘ng ayblov xulosasi tuzildi. Unga ko‘ra, A. Mo‘minova bo‘lim boshlig‘i lavozimida ish­lagan R. Siddiqov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, to‘­lov vedo­most­lariga soxta imzolar qo‘­yish yo‘li bilan belgilangan shakl 130-kitobi yuritmasdan, jami 74 008 425 so‘mlik naqd pullarni 2 555 nafar pensionerga tarqatmasdan o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborganlikda ayblangan.

Aynaxol Mo‘minova Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi "a" bandi, 209-moddasi 2-qismi "a" bandi, 207-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi.  

Uning uchun ana shunday og‘ir paytda, ya'ni 2014 yil 14 noya­brda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qi­linganligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida"gi qarori e'­lon qilindi va unda ayollar jazodan ozod qilinishi ham ko‘r­satilgandi. Bu esa, uning oilasiga, farzandlari bag‘riga qaytish uchun yagona imkoniyat edi. Shuning uchun Aynaxol sudga ariza yozib, o‘ziga nis­batan ushbu amnistiyani qo‘l­lashni so‘radi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qi­ziriq tuman sudi 2014 yil 24 noyabrda jinoyat ishlari bo‘­yicha Termiz tuman sudi binosida Aynaxol Mo‘minovaning arizasiga binoan unga tegishli jinoyat ishini ko‘r­di va qonun talablaridan kelib chiqib, yetkazilgan mulkiy ziyon fuqarolik tartibida undirilishi haqida to‘xtamga kelib, jinoyat ishining Aynaxol Mo‘­minovaga tegishli qismini tugatdi va uni ozodlikka chiqarish to‘g‘­risida ajrim qabul qildi.

U hibsga olinganiga 42 kun bo‘lganida sud zalidan ozod qilinib, uyiga qaytishga muyassar bo‘ldi.

U ozodlikka chiqdi, ammo o‘ziga tuhmatdan iborat ayb qo‘yilgani unga sira tinchlik bermas, o‘zining aybsizligi isbotlanishini istardi.

Oradan to‘rt yil o‘tdi.

Sud-huquq tizimida ijobiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Tuhmatga uchragan­lar­ning oqlanayotganligi haqidagi xabarlar uning ham ko‘nglida umid uyg‘otdi.

Shundan so‘ng Aynaxol Mo‘­minova jinoyat ishlari bo‘­yi­cha Surxondaryo viloyat sudiga o‘zining ishini kassatsiya tartibida qayta ko‘rishni so‘rab ariza bilan murojaat qildi.

2018 yil 9 avgust kuni "O‘z­bekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyatining Surxondaryo filiali binosida jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sud majlisida guvohlar ko‘rsatmalari va ishda to‘plangan materiallar Aynaxol Mo‘minovaning aybsizligini ko‘rsatdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat kassatsiya sudlov hay'atining sayyor sudi Qiziriq tuman sudining 2014 yil 24 noyabrdagi ajrimini bekor qilish, Aynaxol Mo‘minova sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘l­magani sababli jinoyat ishining unga oid qismini Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan tugatish to‘g‘risida ajrim qa­bul qildi.

Shu tariqa Aynaxol Mo‘minova oqlanib, yuzi yorug‘ bo‘l­di.

Statistik ma'lumotlarga qaraganda, 2017 yil 1 iyuldan 2018 yil 31 dekabrga qadar sudlar tomonidan 1 047 nafar shaxs oq­langan va reabilitatsiya qi­lingan.

Ikrom Muslimov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi sudyasi.

Top