15:35 / 18.02.2019
32095

«Real» va «Barselona»: Yangi maydondagi raqobat

Foto: L35 Architecs

Kelasi haftada nafaqat Ispaniya, balki dunyoning ikki eng mashhur klubi qatorasiga ikki o‘yinda orani ochiq qiladi. Dastlab, Ispaniya Kubogi masalasi hal qilinsa, keyin, La Ligadagi raqobatga oydinlik kiritiladi. Ammo bu ikki klubning raqobati faqat maydonda, futbol natijalarida emasligini hamma biladi. Quyida klublarning moliyaviy maydondagi raqobati haqida hikoya qilinadi.

Football Money League kompaniyasining an'anaviy yillik hisoboti futbol klublari daromadlarini uch asosiy manba asosida ajratadi: tijorat, translatsiyalar va o‘yin kunlari. Matchday tushumlar – ya'ni o‘yin kunlaridagi daromad bu uchlik ichida eng kamtari, odatda umumiy daromadning 9-25 foizini tashkil qiladi. Ammo aynan mana shu yo‘nalishga e'tibor qaratgan klublar shu tomondan oqsaydigan raqiblarini sezilarli ortda qoldirishi mumkinligini ham ko‘ramiz. Masalan, daromadli klublar reytingida «Arsenal» qo‘shnisi – «Tottenhem »ni aynan Matchday tushumlari yordamida ortda qoldirmoqda. 111,6 yevroga 85,2 yevro. Aynan shuning uchun «Tottenhem» yangi stadionni qurib bitirishga shoshilmoqda.

Yangi arena qurish yoki eskisini modernizatsiya qilish faqat sig‘imni ko‘paytirish bilan cheklanmaydi, shuningdek, tomoshabinlar uchun premium-zonalar tashkil qilish, klub magazinlari va boshqa hududlardagi sharoitlarni yaxshilash ham ahamiyatga egadir. «Liverpul» «Enfild» sig‘imini qo‘shimcha 8500 o‘ringa oshirib, o‘yin kungi daromadlarni 4 millionga oshirdi, hududda yangi do‘konlar va alohida tomosha qilib zallarini tashkil qilib esa, bu daromadni 12 millionga ko‘paytirdi. Boshqa klublar, jumladan, Ispaniya grandlari ham shu yo‘nalishga ko‘proq e'tibor qaratishni boshladi: «Real» va «Barselona» uchun o‘z stadionlarini rekonstruksiya qilish alohida raqobat mavzusiga aylandi va bir vaqtda bu nihoyasiga yetishi kutilmoqda.

«Real»: Yangicha vip-lojalar va kibersport

Football Money League’ning yangi reytingida iqtisodiy tomondan eng muvaffaqiyatli jamoalar ruyxatida «Real» 1-o‘ringa qo‘yildi. 2017/18 yilgi mavsumda Madrid klubi 750,9 yevro miqdoridagi rekord daromad qayd etdi va bundan 356 millioni tijoriy daromadlar, ya'ni homiylik shartnomalari va brend mahsulotlar sotuvidan kelib tushdi. Translatsiyalardan tushum bo‘yicha esa, «Real» «Liverpul» bilan birgalikda yetakchi bo‘lgan. Inglizlar klubi ko‘proq milliy chempionatda ko‘proq pul topgan bo‘lsa, Chempionlar Ligasini uchinchi marta qatorasiga yutgan «Real» shu turnirda eng ko‘p pul topdi.

«Real» faqat uchinchi manba bo‘lmish, yuqorida tilga olingan Matchday tushumlari bo‘yicha ikkinchi o‘ringa (143,4) tushib qoldi, ya'ni, o‘yin kunlari chiptalar va maxsus dasturlar, shuningdek, oziq-ovqatlar hamda ichimliklar savdosidan keladigan daromadlar bo‘yicha «Barselona»dan (144,8) salga ortda qolgan. Buning ham sababi ma'lum, «Real» uy o‘yinlarini o‘tkazadigan «Santyago Bernabeu» 81 044 tomoshabinga, «Kamp Nou» esa, 99 244 tomoshabinga mo‘ljallangan.

2018/19 yilgi mavsum boshida «Real» o‘zining asosiy yulduzi Krishtianu Ronaldudan ayrildi, balki shuning uchun keyingi hisobotlarda «Real»ning daromadlarida pasayish kuzatiladi, ammo aynan 2019 yilning aprelidan «Real» katta loyihani boshlaydi – «Santyago Bernabeu» rekonstruksiya qilinadi. 

Stadion modernizatsiyasi salkam 3,5 yilga cho‘ziladi va klubga kamida 525 million yevroga tushadi. Qizig‘i, stadion sig‘imi eski holatda qoladi, faqat hudud kengayib, ichkariga yangi magazinlar, xususan asosiy homiy Adidas’ning savdo shoxobchalari uchun joy ajratiladi. Bundan tashqari, klub muzeyi kengaytirilib, o‘yingoh atrofiga kichik otellar joylashtiriladi. U yerda o‘yingoh to‘lig‘icha ko‘rinib turadigan alohida nomerlar ham bo‘ladi. Mana shunday o‘ziga xos vip-lojalardan keladigan pullar albatta, qo‘shimcha bir-ikki minglik o‘rindiqlardan keladigan daromaddan birmuncha ko‘proq bo‘ladi. Shuningdek, fasad ostida kibersport arenasi bo‘ladi – ehtimol, «Real» yaqin yillarda o‘z kibersport jamoasiga ega bo‘lishi mumkin.

Tashqi ko‘rinish jihatidan eng e'tiborli tomoni – stadion va uning atrofidagi yangi qurilgan obektlarini yopib turuvchi ajoyib fasadni aytish mumkin. Tashqi qismda o‘ziga xos rangli monitor o‘rnatilib, «Real» tarixidagi nurli o‘yinlardan lavhalar va albatta, reklama berib turiladi. Gerkan, Marg and Partners nemis kompaniyasi aynan vizual effektlar texnologiyalari uchun 100 million yevrodan ko‘p pul sarflaydi. «Santyago Bernabeu» tarixida ilk marta tepadan ochilib-yopiladigan tomga ega bo‘ladi – demak, u yerda nafaqat futbol, balki boshqa yirik tadbirlarni ham o‘tkazish imkoniyati kengayadi. Florentino Peresning aytishicha, loyiha klub daromadini yiliga 150 million yevroga oshiradi va klub Krishtianu Ronalduning ketishini moliyaviy tomondan tezroq «unutishi mumkin».

Eng muhimi, shunday o‘zgarish va qurilishlar davrida ham «Real» bu stadionda o‘z o‘yinlarini bemalol o‘tkaza oladi, ya'ni jamoa taqvimiga hech qanday ta'sir o‘tkazmaydi.

«Barselona»: Ekotexnologiyalar va 300 millionlik nom

Yuqorida aytilganidek, o‘yin kunlaridagi daromadlar bo‘yicha «Kamp Nou» sohibi «Barselona» reytingda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Ammo so‘nggi yillarda Ispaniya chempionatida tengsiz bo‘lgan va tarkibida Lionel Messi o‘ynaydigan jamoa stadioni o‘tgan mavsumda faqat 69 foizga to‘ldi, xolos. «Kamp Nou»dagi oxirgi ishlar 1982 yilda, stadionni jahon chempionatiga tayyorlash paytida amalga oshirilgandi. O‘tgan vaqt mobaynida marketing jihatidan ham, klub sifatida ham ancha rivojlangan «Barselona» uchun «Kamp Nou»da modernizatsiya qilish davri allaqachon kelgan. 

Moliyaviy inqirozga (2008 yil) «yangi Kamp Nou»ning bosh arxitektori Norman Foster bo‘lishi ko‘zda tutilgandi, ammo yakunda 600 millionlik loyiha tenderini Yaponiya kompaniyasi bo‘lmish Nikken Sekkei yutib oldi. Yaponlar Kataloniyaning Pascual i Ausió Arquitectes kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib boradi. Stadion sig‘imi 105 000 o‘rindiqdan iborat bo‘ladi, ya'ni, VIP-lojalarda avvalgidan 5-12 sm kengroq bo‘lgan alohida 6 000 kreslo qo‘yiladi. Pastki yarus burchagi esa, o‘yingoh yanada qulay ko‘rinishi uchun yanada o‘tkir qilinadi. Hozirda tom faqat bir tribunani yopib turgan bo‘lsa, ta'mirlash ishlaridan so‘ng barcha tribunalar yopiladigan bo‘ladi.

Barselona – shaharchilik va rejalashtirish bo‘yicha Yevropa markazlaridan biri bo‘lgani tufayli, «Kamp Nou»ning yangi loyihasi ham mahalliy hukumat bilan uzoq muhokama qilindi. Natijada, barcha avtoturargohlar yer ostiga ko‘chirilib, stadion atrofida yangi bog‘lar tashkil qilinadigan bo‘ldi. Futbol muxlislari va shahar mehmonlari uchun yana bir yangilik – arenaning tashqi tarafida qo‘shimcha yaruslar qurilib, u yerdan o‘yingoh ko‘rinmasa-da, butun shaharni tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Rekonstruksiya ishlari 2019 yilning bahorida boshlanishi rejalashtirilgan. Xuddi Madriddagi stadion singari, bu yerda ham ishlar 3,5 yil davom etadi va «Barselona» ham bemalol shu davrda uy uchrashuvlarini «Kamp Nou»da o‘tkazaveradi.

Bu xarajatlarni qoplovchi asosiy manba stadion nomining sotilishidir. Asosiy da'vogar sifatida Kataloniyaning Grifols farmetsevt kompaniyasi tilga olinmoqda va Jozep Bartomeu bu shartnoma taxminan 300 million yevroga baholanishini aytib o‘tdi.

«Biz bu summa loyiha xarajatlarining kamida yarmini yopishidan umidvormiz», – deydi klub prezidenti.

Agar bu kelishuv amalga oshsa, futboldagi eng katta shartnomalardan biri bo‘ladi, masalan, «Arsenal» 10 yil uchun Emirates’dan 200 million yevro olgan. Ammo bu shartnomaga ko‘ra, pullar faqat stadion nomi uchun to‘lanmagan, londonliklar jamoa liboslariga ham ushbu kompaniya logotiplarini tushirishgan.

Hammasi yaqin yillarda amalga oshadi, «Barselona» muxlislari uchun esa, faqat bir yumush, ularning yoqimtoyi Lionel Messi ham yangilangan «Kamp Nou»da o‘ynashga ulgurishini orzu qilish qoldi, xolos.  

Forbes materiali asosida

Top