8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

11:20 / 19.02.2019 29384

Jahongir Ortiqxo‘jayev: Sizning ruxsatingizsiz uyingizni hech kim buzmaydi

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Mirzo Ulugbek Business City quriladigan hududda istiqomat qiluvchi aholining uylari ularning roziligisiz buzilmaydi. Bu haqda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 18 fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qildi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Irgashev hamda Markaz-1 hamda Markaz-2 hududlarida istiqomat qiluvchi aholining yuzlab vakillari ishtirok etishdi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, unda shahar hokimi ushbu hududlar aholisi orasida yuzaga kelgan savollarga aniqlik kiritgan. Hokim dastlab aholining o‘z turar joylari, tumanlarida olib borilayotgan qurilishlar haqidagi fikrlari bilan tanishgan.

Uchrashuvda murojaat bilan kelgan fuqarolar Toshkentdagi bunyodkorlik tadbirlari va uylar holati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishgan. Toshkent shahar hokimi poytaxtdagi buzilishi ehtimoli bo‘lgan hududlardagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha axborot bergan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Xususan, bu borada tegishli hududlarda ofislar tashkil etilib, har bir oilaning bu boradagi fikrlari o‘rganilishi ma'lum qilingan.

«Agar sizning tumaningizda katta kompleks quriladigan bo‘lsa va buzishga to‘g‘ri kelsa, u yerda hokimiyat vakili hamda investor vakili ish olib boradigan ofis ochiladi, siz ular bilan alohida uchrashib, savollaringizga javoblar olishingiz mumkin bo‘ladi. Siz qayerga ko‘chishni istashingiz, uy qaysi qavatdan bo‘lishi kerakligi, qancha bolalaringiz borligi va shu kabi savollarga oydinlik kiritiladi. Har bir odam bilan uning manfaatlaridan kelib chiqqan holda alohida kelishiladi. Roziligingiz bilan reja qilinadi. Hech kim avvallari bo‘lganidek shunchaki buzib tashlamaydi. Sizning ruxsatingizsiz uyingizni hech kim buzmaydi», — degan Jahongir Ortiqxo‘jayev qatnashchilarning uylar buzilishi haqidagi savoliga javoban.

Bundan avvalroq, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi baland binolar qad rostlaydigan, uzunligi 6,5 kilometrlik xiyobon paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Loyiha Amir Temur xiyobonidan boshlab Hamid Olimjon maydoni, «Buyuk Ipak yo‘li» metro stansiyasi orqali Rossiya davlat neft va gaz universiteti filialigacha qurilish ishlari olib borilishini ko‘zda tutgandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada OAVda Toshkentdagi Anhor sohilida, «Lokomotiv» bog‘ining orqa darvozasi yaqinida joylashgan 78-uy buzib tashlanayotgani, Shayxontohur tumani hokimi o‘rinbosari bu yerga kelib, barchaning ko‘z o‘ngida uyni buzib tashlashga buyruq bergani, uylardan hali odamlar ko‘chib chiqmagani haqida xabar tarqalgandi.

Xabarlarda bu yerdagi aholi ko‘chib o‘tishga tayyorligi, biroq boradigan joyning o‘zi yo‘qligi, uylar o‘rniga kvartiralar taqdim etilmagani, hokimlik buzilayotgan uylar uchun kompensatsiya shartnomasi tuzishdan bosh tortayotgani, vaqtinchalik yashab turish uchun ijara pullari berilmagani aytilgandi.

16 fevral kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev va uning arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov ishtirokida poytaxt hokimiyatida shahar va tumanlar ma'muriyatlari rahbariyati hamda jurnalistlar va deputatlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

«Fuqarolar yashab turgan uylarda demontaj ishlarini olib borish taqiqlangan. Hokimiyat odamlar yashayotganda [uyni buzish] huquqiga ega emas», — deya ta'kidlagandi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Top