20:44 / 20.02.2019
7425

Elektron to‘lov va pullar to‘g‘risida hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi –  manba

O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron to‘lov xizmati va munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, elektron pullarni bozor qoidalari asosida tartibga keltiruvchi hujjat loyihalari Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Bu haqda Kun.uz axborot manbasi xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, hujjat loyihalari tegishli va manfaatdor tashkilot, vazirliklar bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashabbusni kiritish uchun Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan.  

O‘zbekiston Respublikasida 2018-2020 yillarda raqamli bankingni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda 2018 yil 8 avgustda tasdiqlangandi.

«O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunida respublikada hisob-kitoblarning samarali tizimini tashkil etish va ta'minlash vazifasi Markaziy bankka yuklatilgani ta'kidlanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida Markaziy bank faoliyatining strategik maqsadli yo‘nalishlaridan biri sifatida to‘lov tizimi barqarorligi va uning rivojlanishini ta'minlash belgilandi.

2018 yil davomida Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar summasi 2017 yilga nisbatan 32 foizga ortib, 845,6 trln. so‘mni, o‘z navbatida amalga oshirilgan operatsiyalar soni esa 74,7 mln. tani tashkil qildi.​

Mavzuga oid
Top