16:19 / 20.02.2019
12953

Sifatsiz yo‘l qurilishidan kimga shikoyat qilish mumkin?

Sifatsiz yo‘l bo‘lmagan shahar yoki tuman yo‘q desam aslo adashmaymiz. Ayrimlarida ta'mirlash ishlari olib borilsada, ulardagi ish sifatidan ko‘pchilikning ko‘ngli to‘lmaydi. Ana shunday vaziyatda kimga murojaat qilish mumkin?

20 fevral kuni «O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishi: yutuq va muammolar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Zarifulla Xo‘janovning ma'lum qilishicha, mazkur inspeksiya tomonidan 2018 yil davomida yo‘l qurilishi sohasida 8 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlangan. 2500dan ortiq ko‘rsatmalar berilgan, ularni vaqtida va sifatli bajarmagan 302 nafar xodimga turli xil jarimalar qo‘llangan, hatto sud tomonidan javobgarlikka tortilgan. Inspeksiyaning 71 268-92-68 raqamli ishonch telefoniga yoki uzavtoyul.uz saytiga murojaat qilish mumkin. Inspeksiya eski yo‘llar sifatiga javob bermaydi, aynan olib borilayotgan yo‘l qurilishlari sifatini nazorat qilib boradi va bu borada e'tirozlarni qabul qiladi.

Inspeksiya Nizomiga asosan, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

*yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yo‘l qurilish ishlarida, yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

*qurilishi tugallangan yo‘l obektlarini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar ishida qatnashish;

*yo‘l qurilishi yuzasidan shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni tashkillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish;

*yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib borish.

Inspeksiyaning tasdiqlangan tuzilmasiga ko‘ra, unda faoliyat ko‘rsatadigan 26 nafar davlat inspektori Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yo‘l qurilishi ishlarini muntazam ravishda nazorat qilib borishadi.

Ma'lumot o‘rnida: xabarni tayyorlash chog‘ida mazkur inspeksiyaning 71 268-92-68 ishonch raqamli telefoniga ham, kanselyariyasining 71 268-93-21 raqamiga ham sinov tariqasida qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishimiz samara bermadi – go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining 71 237-26-23 raqami orqali bu inspeksiyaga ulanishning ham iloji yo‘q ekan. 

Top