15:00 / 21.02.2019
51922

Mulk huquqini himoyalash va mustahkamlash uchun nimalar qilmoq kerak? - Ekspert fikri

Turarjoylarning buzilishi kabi so‘nggi vaqtlarda tobora dolzarblik kasb etayotgan muammo mulk huquqini himoya qilishdek umumiy muammoning faqatgina bir qismidir, deydi iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘zining Kun.uz uchun yozgan maqolasida.

Agar biz zamonaviy, sivilizatsiyalashgan jamiyat qurishni istasak, mulk huquqini himoyalashning samarali tizimi hamda mulkdorlarning layoqatli sinfini yaratishimiz kerak bo‘ladi. Ularsiz huquqiy davlat, demokratik institutlar va bozor iqtisodiyoti barqaror faoliyat ko‘rsatishi imkonsiz.

Ko‘pchilikning nazdida, mulk huquqini himoya qilish garchi «to‘g‘ri» bo‘lsa-da, «real hayot»dan yiroq bo‘lgan allaqanday abstraksiya. Allaqayoqdagi «G‘arb»da bu ishlashi mumkin, lekin biz boshqa voqealikda yashaymiz va biz bunga yetishishimiz uchun eh-hey… Yoki hattoki mana bunday yondashuv ham bor: mulk haqidagi gap-so‘zlar boyvachchalarga kerak, o‘g‘rilik ortidan orttirgan boyliklarini saqlab qolish uchun. Yaqindagina qishloq xo‘jaligiga taalluqli bo‘lmagan yerlarni xususiy mulk qilib berish haqdagi qarorlarga reaksiyalarni yodga olaylik: «biz hali bunga tayyormasmiz», «yer — muqaddas narsa, uni xususiy qo‘llarga topshirmasligimiz kerak».

Aslida, mulk huquqini himoya qilish — abstraksiya emas, aksincha, konkret va amaliy substansiya bo‘lib, u nafaqat badavlat insonlarga, balki barchaga taalluqlidir. Buni esa insonlar o‘z huquq va manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilinganidagina anglab yetishadi.

Bu esa har yerda, deyarli har kuni sodir bo‘lmoqda. Masalan:

  • Turarjoy binolarini buzishmoqda va u yerda istiqomat qilayotgan odamlarni kvartiralaridan majburan chiqarishmoqda (ko‘pchilik uchun bu o‘zlari ega bo‘lgan asosiy mulkdir);
  • Mulkdan foydalanish va tasarruf etish huquqini tartibga soluvchi ijara shartnomalariga ters o‘laroq, tadbirkorlardan maydonlar, fermerlardan yerlar tortib olinmoqda;
  • Fermerlar faqat ma'lum bir turdagi mahsulot yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotni davlatga past narxlarda sotishga majburlanmoqda (bu yerda yerdan va yetishtirilgan mahsulotdan foydalanish huquqlari buzilmoqda);
  • O‘z mahsulotini erkin sotishni taqiqlashmoqda, masalan, yaqindagina meva-sabzavotlar eksporti bilan bo‘lganidek (eksport kvotalari, faqatgina davlat kompaniyalari orqali eksport qilish, undan past sotishni taqiqlovchi cheklovchi narxlar o‘rnatilishi);
  • Biznes hamkorlar shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaydi, masalan, qarzlarni o‘z vaqtida qaytarmaydi, yetkazib berilgan mahsulotga haq to‘lamaydi (huquq-tartibot va sud tizimi esa jabrlangan tomonni umuman yoki yaxshi himoya qilmaydi);
  • Qarzni qaytarish, zararlarni qoplash va shu kabi sud qarorlari yillar davomida ijro etilmaydi.

Kimdir o‘zini men yollanma ishchiman, tadbirkorlarning huquqlari buzilishi menga daxl etmaydi, deb o‘ylasa adashadi. Juda daxl qiladi-da! Mamlakatda biznes yuritish risklari va xarajatlari qanchalik yuqori bo‘lsa:

  • biznes shunchalik yomon rivojlanadi, binobarin, kamroq ishchi o‘rin yaratiladi, kamroq maosh va soliq to‘lanadi (soliqlar esa, bilasiz, jamiyat uchun foydali ishlarga sarflanadi: ta'lim, tibbiyot va pensiyalar kabi);
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilar qimmatroq va sifatsizroq mahsulot ishlab chiqara boshlaydi, bu esa mahalliy xaridorlarga o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatadi;
  • mamlakat iqtisodiyotiga (ham milliy, ham xorijiy) investitsiyalar kiritilishi kamayadi, bu esa iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari va barcha fuqarolarning turmush darajasiga aks ta'sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, tartibga solinmagan (ya'ni, mohiyatan real egasi bo‘magan) mol-mulk, mulk huquqidan samarasiz foydalaniladi. Xo‘jasiz tashkilotlar (bu esa bizning jamiki davlat korxonalarimiz va garchi formal jihatdan xususiy bo‘lsa-da, davlat tomonidan nazorat qilinadigan korxonalarimiz) talon-taroj etiladi. O‘zini vaqtinchalik ishchi his qilgan fermerlar qisqa vaqt ichida yerdan imkon qadar ko‘proq narsa «sug‘urib» olishga harakat qiladi va investitsiya kiritmaydi, tuproqning hosildorligini oshirishga urinib ham o‘tirmaydi. Natijada, yildan yilga qishloq xo‘jaligi yerlari hosildorligi pasaya boradi. Avlodlarimizga tuproq o‘rniga qum qoldirish xavfi yuzaga keladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston jahonning eng qashshoq davlatlari orasidan o‘rin olgan. Bu yerga qanday tushib qoldik? Buning sababi juda ko‘p. Asosiy sabab — biz mulk huquqini himoyalashning ta'sirchan tizimini yarata olmadik.

Nima uchun bizda mulk huquqi bu qadar yomon himoyalangan, uni himoyalash va mustahkamlash uchun nimalar qilishimiz kerak? Asosiy sabablar va zarur chora-tadbirlar quyidagilardir:

Birinchi sabab. Mulk huquqini amalga oshirish va himoyalashning aniq yuridik protseduralari mavjud emasligi. Bizning normativ bazamiz (qonunlar, qonunosti hujjatlari) xususiy shaxslar emas, avvalo, davlat manfaatlarini himoyalashga, shuningdek, amaldorlarning korrupsion daromadlar olishiga qaratilgan. Mana shu yerdan ziddiyat va chigallik kelib chiqadi. Mana shu yerda xususiy shaxslar va tadbirkorlarga mulk huquqini amalga oshirish va himoya qilish bo‘yicha masalalarni yechishda asqotadigan protseduralar ishlab chiqilmagani ko‘zga tashlanadi.

Masalan, quyidagi holat mutlaqo haqqoniy. Eski ko‘pkvartirali uyni buzishga, uning o‘rnida yangisini qurishga tayyor bo‘lgan quruvchi bor. Eski uy kvartira egalarining jamoaviy (ulush asosida) egaligida foydalanilmoqda. Mulkdorlarning katta qismi (aytaylik, 90 foizi) quruvchining (tovon puli to‘lash, yangi turar joy olib berishi va sh.k.) takliflariga rozi. Qolganlar rad etmoqda. Nima qilish kerak? Bunday holatlar uchun paydo bo‘lgan muammoni hal etadigan aniq huquqiy protseduralar bo‘lishi shart. Lekin bizda bunday protseduralar yo‘q. Biz bunday masalalarni mansabdorlar o‘z ixtiyoriga ko‘ra yechishiga ko‘nikib qolganmiz. Mana shu yerdan boshboshdoqlik va mulk huquqini poymol etish kelib chiqmoqda.

Yoki boshqa bir misolni olaylik. Ko‘plab davlatlarda samarasiz foydalanilayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarini egasidan olib qo‘yishga izn beruvchi qoidalar mavjud. Lekin bu holda:

  • yerdan samarasiz foydalanish kriteriylari aniq va bir ma'noli qilib qonunchilikda akslantirilgan;
  • yerni olib qo‘yish haqidagi qarorni faqatgina sud chiqarishi mumkin;
  • yer egasiga tovon puli to‘lanadi.

Bizda esa qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish va qayta taqsimlash aniq va batafsil protseduralar hamda yerdan foydalanuvchining o‘z huquqlarini himoya qolish imkoniyati bo‘lmagani holda mansabdorlarning xohishi va zo‘ravonligi bilan amalga oshirilmoqda.

Bundan qanday xulosaga kelish mumkin? Biz normativ bazani xususiy jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar mulk huquqini amalga oshirish va himoya qilish (egalik qilish, tasarruf etish va foydalanish huquqlari bilan birga) imkoniyatini yaratish predmetiga radikal reviziyadan o‘tkazishimiz kerak. Bunda o‘zaro mulkdorlar o‘rtasida hamda mulkdorlar va davlat o‘rtasida paydo bo‘ladigan ziddiyatli masalalarni yechish mexanizmi ham yaxshilab o‘rganilishi kerak.

Ikkinchi sabab. Iqtisodiyotni boshqarishning ma'muriy-buyruqbozlik amaliyoti saqlanib turilgani. Mansabdorlarning mulk huquqini poymol etishga izn beradigan yakkahokimligi iqtisodiyot va ijtimoiy hayotga ma'muriy aralashuv amaliyotiga asoslangan.

Nega hokimlar fermerlarning yeri va hosilini tortib olishi mumkin? Chunki xuddi sovet davridagidek yoki hattoki feodalizm davridagidek, hanuzgacha davlat bizning qishloq xo‘jaligimizni boshqarib kelmoqda. Fermerlarga yer bo‘lib beriladi, ular bu yerlarda paxta yoki g‘alla yetishtirishadi, shundan so‘ng ular foyda qiladimi yoki zarar ko‘radimi — farqi yo‘q — davlat tomonidan o‘rnatilgan narxlarda sotishga majbur. Hokimlarning asosiy vazifasi — Toshkent tomonidan o‘rnatib berilgan reja topshiriqlarining bajarilishini ta'minlash. Hokimlarda topshiriqni bajarish uchun iqtisodiy vositalar yo‘q. Ular faqat ma'muriy vositalarga ega va ular shundangina foydalanishadi. Ya'ni, fermer boshqa ekin ekmasligini nazorat qiladi, militsiya yordamida hosilni tortib oladi (jumladan, rejadan ortiqchasini ham), «ishyoqmas» fermerlardan yer tortib olinadi, vaqti-vaqti bilan fermer xo‘jaliklari bo‘linadi yoki yiriklashtirilib turiladi, muvaffaqiyatli fermerlarga ziyon ko‘rgan fermerlarning (bunaqalar juda ko‘p, chunki ziyon ko‘riladigan mahsulot yetishtirilmoqda) qarzlarini yopish majburlanadi. Shuning uchun paxta va g‘allaga davlat majburiy buyurtmasi bekor qilinmaguncha, fermerlarga tadbirkorlik erkinligi berilmaguncha biz agrar sektorda mulk huquqini hech qachon himoya qila olmaymiz. Fermerlar va davlat imzolaydigan 50 yillik ijara haqidagi shartnomalar ham quruq qog‘oz bo‘lib qoladi.

Binobarin, bizga quyidagilar suv va havodek zarur:

  • Davlatning iqtisodiyotdagi roli va funksiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqishga, xo‘jalik jarayonlarini tartibga solishning ma'muriy usullaridan foydalanishdan voz kechishga yo‘naltirilgan ma'muriy islohot;
  • Majburiy davlat buyurtmalari amaliyoti bekor qilinadigan, dehqonlarni yerdan erkin foydalanish va o‘z mahsulotlarini erkin tasarruf etish huquqlarini himoyalovchi agrar islohot;
  • Bugungi kunda samarasizlik, korrupsiya va monopolizmning asosiy sababchilari bo‘layotgan davlat korxonalarini xususiylashtirish.

Uchinchi sabab. Yerni xususiy mulk qilib olish imkoniyati yo‘qligi. Yerga nisbatan xususiy mulk institutining joriy etilishi oddiy insonlar va tadbirkorlarga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun muhim baza yaratilishiga, yerdan foydalanish samaradorligi oshishiga sabab bo‘lar edi.

Biroq, shuni tushunish kerakki, xususiy mulkning formal e'lon qilinishi uning haqiqatda ham paydo bo‘lishini anglatmaydi. Avvalgi ikki punktda tilga olib o‘tilgan (ya'ni, mulk huquqini amalga oshirish protseduralarini tartibga solish hamda iqtisodiyotni ma'muriy tartibga solishdan voz kechish) masalalarni yechmasdan, yerga nisbatan har qanday xususiy mulk da'vosi osongina uydirmaga aylanadi.

Boshqa tomondan, toki yerning xususiy mulk qilib berish jarayoni boshlanmas, yangi mulkdorlar jamoat diskussiyalari, deputatlarga so‘rovlar, prezidentga shikoyat, ko‘plab sud jarayonlari doirasida o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilmas ekan, shu ongacha mulk huquqini himoyalashning real mexanizmlari paydo bo‘lmaydi. Faqatgina mulkdorlarning o‘zi o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasi orqali hokimiyatni mulk huquqini himoyalovchi huquqiy va siyosiy institutlarni shakllantirishga majburlay oladi.

Shuning uchun ham qishloq xo‘jaligiga daxldor bo‘lmagan, ham qishloq xo‘jaligiga taalluqli bo‘lgan yerlarning xususiy mulki institutni shakllantirish, shuningdek, yerni xususiylashtirish jarayonini boshlash juda muhim. Bu jarayonlar O‘zbekistonda o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishga tayyor mulkdorlarning kuchli va katta sinfi paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi. 

To‘rtinchi sabab. Tiyib turish va qarama-qarshi turish mexanizmlari ishining yomonligi yoki mutlaqo yo‘qligi, mulk va bitimlarning sud orqali himoya qilish tizimining samarasizligi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolar hokimiyatlarning (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud) mavjud bo‘linish mexanizmlarining samarasizligiga, qarorlar qabul qilishning markazlashtirilish darajasi juda yuqoriligiga, fuqarolik jamiyati institutlarining, mustaqil OAVning kuchsizligi va rivojlanmaganiga judayam bog‘liq. Mustaqil va samarali qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati, OAV mulk huquqini himoyalashning ta'sirchan qoidalari yaratilishiga qayg‘urishi, fuqarolar va biznesni mansabdorlarning zo‘ravonligidan himoyalashi kerak. Lekin amaliyotda bunday bo‘lmayapti, bo‘lsa ham ahyon-ahyonda, istisno tarzida ro‘y bermoqda.

Biz mavjud demokratik institutlarni (hozircha ular ko‘proq imitatsion institutlar) real mohiyat bilan to‘ldirish ustida katta ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Buning uchun quyidagilar zarur:

  • Yuqorida tilga olib o‘tilgan ma'muriy islohot va unga qo‘shimcha ravishda qarorlar qabul qilishning markazlashtirilishidan xalos etish;
  • Sud islohoti;
  • Siyosiy islohot (vakillik va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasida funksiyalar va vakolatlarning aniq-tiniq taqsimlanishi va qayta taqsimlanishi, partiyaviy qurilish, saylovlar, mahalliy hokimiyat organlarining aholiga bo‘ysunishi va h.k);
  • Fuqarolik jamiyati institutlari va mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish.

Shunday qilib, mulk huquqini himoya qilish va uni mustahkamlash borasida oldimizda juda katta ishlar turibdi. Biz hali bu yo‘lning eng boshidamiz. 

Top