20:32 / 22.02.2019
14643

Aziz Haydarov va Jamshid Iskanderov nima sababdan «Lokomotiv»ga o‘tganlarini tushuntirishdi

Toshkentning «Lokomotiv» klubi shanba kuni o‘z tarixida uchinchi marta O‘zbekiston Superkubogi uchun maydonga tushadi. Andrey Fyodorov jamoasi «Paxtakor» markaziy stadionida OKMKga qarshi bahs olib boradi.

Tribuna.uz muxbiri xabariga ko‘ra, bugun bo‘lib o‘tgan o‘yinoldi matbuot anjumanida Fyodorov mazkur bahs mavsumdagi ilk rasmiy va sovrin uchun kechadigan uchrashuv ekani bilan ahamiyatli bo‘lishi, o‘yinda jamoaning yangi mavsumga tayyorgarligi haqida tasavvur hosil qilish mumkinligini ta'kidladi.

«Temiryo‘lchilar» bundan avval 2014 va 2015 yillardagi Superkubok bahslarida qatnashib, ularning birinchisida «Bunyodkor»ga yengilgan (1:2), keyingi urinishda «Paxtakor» yirik hisobda mag‘lub etilgan (4:0). Jamoa himoyachisi Islom To‘xtaxo‘jayev o‘z so‘zida mazkur statistikani eslab, klub muzeyidan ikkinchi Superkubok joy olishiga umid bildirdi.

«Jamoamiz uchrashuvga tayyor. Xudo xohlasa, chiroyli futbol ko‘rsatib, g‘alaba qozonamiz, deb o‘ylayman. «Lokomotiv» o‘z tarixida ikkinchi marta Superkubokni qo‘lga kiritishiga umid qilamiz», – dedi To‘xtaxo‘jayev.

Jamoa hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov uchrashuv mavsumdagi birinchi rasmiy o‘yini ekanligiga urg‘u berdi.

«Superkubok bitta o‘yindan iborat, kubok taqdiri shu o‘yinda hal bo‘ladi. Eng asosiysi, biz mavsumni g‘alaba bilan boshlashimiz kerak. Mavsumni qanaqa boshlasak, shunaqa davom etadi, deyishadi. Faqat g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Maydonda qanchalik omadimiz kelishini ertaga ko‘ramiz. Natija biz uchun muhim», – dedi Abduxoliqov.

«Bikmayev ketdi, endi hujum chizig‘ida e'tibor sizga ko‘proq qaratiladi. Mavsumda nechta gol urishni mo‘ljallayapsiz?» degan savolga Temurxo‘ja quyidagicha javob berdi.

«Bu – futbol. Kimdir qoladi, kimdir ketadi. Jamoaga juda yaxshi yangi ijrochilar kelgan. «Lokomotiv» hech qachon bir futbolchiga qarab qolmagan. Biz har doim jamoaviy o‘yin hisobiga yaxshi natijalarga erishganmiz.

Iloji boricha gollarim va foydali harakatlarim bilan jamoaga yordam bermoqchiman. Natija bo‘lmasa, kayfiyat ham bo‘lmaydi», – deydi hujumchi.

Mavsumlar oralig‘ida «Bunyodkor» va «Paxtakor»dan «Lokomotiv»ga o‘tgan yarimhimoyachilar Jamshid Iskanderov va Aziz Haydarov nega bunday qarorga kelgani haqidagi savollarga javob qaytarishdi.

Jamshid Iskanderov: «Lokomotiv»ga o‘tganimning boisi bu jamoa bir necha yil davomida chiroyli o‘yinlar ko‘rsatdi, chempion bo‘ldi. Paxtakor bilan shartnomam yakunlangandan keyin menga taklif bo‘ldi. O‘ylab ko‘rib, shu jamoaga o‘tdim.

«Paxtakor» stadioni men uchun o‘z uyimdek. Ertaga o‘z uyimda o‘ynagandek bo‘laman. Chiroyli o‘yin ko‘rsatib, «Lokomotiv» muxlislari mehrini qozonmoqchiman».

Aziz Haydarov: «Mana, yonimda o‘tirgan o‘rtog‘im Anzur aytdi, kel shu jamoada o‘ynaymiz, deb. Shuning uchun shu jamoani tanladim. Qolaversa, klubning o‘yin uslubi ham menga ma'qul edi. Bundan juda xursandman.

Mirjalol Qosimov qo‘l ostida o‘ynadim, «Bunyodkor»dan qiyinchilik tufayli ketdim, deb aytmagan bo‘lardim. Ertangi o‘yinda natijaga erishamiz, deb umid qilaman».

Shuningdek, «Loko»ning tajribali futbolchilaridan Sardor Mirzayev va Anzur Ismoilovlar ertangi o‘yin haqidagi fikrlari bilan bo‘lishishdi.

Sardor Mirzayev: «Men Superkubokni bir marta yutganman. «Lokomotiv bilan». Umuman, men uchun Superkubok o‘yini bo‘ladimi, boshqa oddiy o‘yinmi, farqi yo‘q. Har bir sovrinni yutishning o‘z gashti bo‘ladi. Superkubokmi, boshqami – barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonishni istaymiz».

Anzur Ismoilov: «Ertangi o‘yin men uchun Superkubokdagi birinchisi. Bitta o‘yin bo‘ladi va unda kim yutsa, o‘sha – chempion. Ertaga, to‘g‘risi, yutgim kelyapti. Kuboklarim yana bittaga ko‘payishini istayman».

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning amaldagi chempioni «Lokomotiv» va kubok sohibi OKMK o‘rtasidagi Superkubok o‘yini 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv «Paxtakor» stadionida soat 16:00da boshlanadi.

Top