20:55 / 23.02.2019
8442

Xayriya natijasi: Yaxshilar ko‘magi bilan Masturaxon shifo topmoqda

Qalbga umid uchqunlarini sochadigan kitob va filmlarda qiyinchiliklardan so‘ng hamisha yaxshilik g‘alaba qozonishiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Hayotda inson boshiga tushadigan har qanday sinov, qiyinchiliklarga chiroyli sabr qilsa, oxiri albatta xayrli bo‘ladi.

Yodingizda bo‘lsa, bir necha oy oldingi xayriya aksiyamizda Toshkentda istiqomat qiluvchi singlimiz Masturaxon haqida hikoya qilgan edik.  

Masturaxonga 2014 yili jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan. Vaqt o‘tib, uning terisi qurib, yuzlariga ajin tusha boshlagach, turmush o‘rtog‘i “men kasalmand xotin bilan yashamayman”, deb oilasidan voz kechib ketgan. Ayol to‘liq davolanishga moddiy tomondan qurbi yetmay, muolajalarni uyda olishga majbur bo‘lgan. Qornida suv to‘planib, shishib ketgan.  Xayriya arafasida bemorning kasali yanada avj olib, tinkasi quriyotganligi haqida ma'lumot berishgandi...

Bemorni ko‘zdan kechirgan hind shifokorlari umid borligi, organ (jigar) ko‘chirish operatsiyasini amalga oshirish mumkinligini aytishgan va operatsiya narxini 32 000 AQSh dollari, deb baholashgan edi.

Aksiya to‘g‘risidagi maqolamizda: “Allohning mehribonligi shu bo‘lsa kerak, bemorning ukasi Bahromjonning qon guruhi opasiniki bilan to‘g‘ri kelgan va opasining dardiga tengma-teng sherik bo‘lish uchun jigarining bir qismini donor sifatida berishga tayyor” – deb yozgan edik.

Shuni mamnuniyat bilan ma'lum qilamizki, Masturaxon saxovatpesha yurtdoshlarimiz tomonidan ma'lum miqdorda yig‘ilgan mablag‘lar evaziga Hindistonga borib, jigar ko‘chirish operatsiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazdi va o‘zi ham, ukasi Bahrombek ham sog‘lom tarzda yurtimizga qaytib kelishdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

“Nima bo‘larkan, degan ming hayajonda Turkiyaga borgandik. Operatsiyadan qo‘rqqan edim, lekin juda yaxshi o‘tdi. Operatsiyadan so‘ng 2 oycha muolajalar oldim. Shifokorlar yaxshi muomalada bo‘lishdi, hatto tug‘ilgan kunimni ham uyushtirib berishdi. Oldinlari hatto hojatga ham dori iste'mol qilmasdan bora olmas edim. Hozir bo‘lsa, hech qanday dorisiz boryapman. O‘zimni juda yaxshi his qilyapman.

Olti oy o‘tib, keyin bir yildan so‘ng va ikki yildan keyin yana ko‘rik tekshiruvidan o‘tgani borsam kifoya ekan. Avvalombor Allohdan, keyin davolanishim uchun yordam qo‘lini cho‘zgan barcha-barchadan minnatdorman. Hamisha ularning haqiga duoda bo‘laman” - deydi Masturaxon.

Aziz saxovatpesha va savobga chanqoq yurtdoshlar! Qilgan saxiyligingiz sabab 5 yashar Muzaffar yetimlikdan, bir ota-ona farzand dog‘idan, Masturaxon esa darddan forig‘ bo‘ldi. Bu oilaning qo‘llari hamisha siz uchun duoda. Qilgan ehson amalingiz qabul bo‘lsin!

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top