21:50 / 23.02.2019
67363

Kattaqo‘rg‘on shahrida tahqirlangan, keyinchalik o‘g‘riligi uchun sud jazosi tayinlangan ayol G‘allaorolda yana jinoyatga qo‘l urdi

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri IIB sobiq katta tezkor vakili S.Umarov tomonidan tahqirlanib, shahar IIB binosida yechintirilgan, so‘ngra Oqdaryo tumanida sodir etgan o‘g‘riliklari uchun JIB Oqdaryo tuman sudi tomonidan 4 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan, Kattaqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi N.T. yana jinoyat ustida qo‘lga tushdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Bu haqda Jizzax viloyati G‘allaorol tumani huquq-tartibot organlari Kun.uz'ga ma'lum qilishmoqda.

Kun.uzʼga taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, N.T. 2019 yil 10 fevral kuni ertalab 06:00 larda sherigi O.S. bilan Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida joylashgan “G‘allaorol dehqon bozori”da kissavurlik yo‘li bilan o‘g‘irlik qilish maqsadida o‘zaro jinoiy til biriktirib, bozorga kelishadi va uning hududida joylashgan choyxonada spirtli ichimlik iste'mol qilib, mast holatda soat taxminan 08:00 larda tirband joyda kartoshka-sabzi xarid qilayotgan fuqaro L.Ahmedovaning hamyonidagi 165.000 so‘m pullarini va “Samsung” rusumli uyali telefon apparatini kissavurlik yo‘li bilan o‘g‘irlab olishadi.

Bundan tashqari, shu kuni soat taxminan 08:30 larda N.T. va O.S. o‘zlarining jinoiy harakatlarini davom ettirib, “G‘allaorol dehqon bozori”ga kirish darvozasining oldida odamlar tirband joyda fuqaro S.Yakubova paypoq sotib olayotganligidan foydalanib, uning hamyonidagi 75.000 so‘m miqdoridagi pullarini takroran kissavurlik yo‘li bilan o‘g‘irlab olgan chog‘da ushlanib, jinoiy qilmishlari fosh etilgan.

N.T. va O.S.dan L.Ahmedovaga tegishli bo‘lgan “Samsung” rusumli uyali telefon apparati hamda S.Yakubovaga tegishli bo‘lgan hamyon bilan 75.000 so‘m pullar hujjatlashtirib olingan.

2019 yil 12 fevral kuni mazkur holat yuzasidan N.T. va O.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

N.T. va O.S. fuqaro S.Yakubovaning hamyonidagi 75.000 so‘m miqdoridagi pullarini kissavurlik yo‘li bilan o‘g‘irlab olganliklariga bevosita guvoh bo‘lgan bozorda savdo qiluvchi fuqarolarning bergan ko‘rsatmalari hamda “G‘allaorol dehqon bozori”ga o‘rnatilgan, o‘g‘irlik holati tushirilgan videokameradan olingan videotasvir bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan.

2019 yil 12 fevral kuni N.T. gumonlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan.

14 fevral kuni JIB G‘allaorol tuman sudining ajrimiga ko‘ra N.T.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

21 fevral kuni N.T. va O.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e'lon qilingan va jinoyat ishi JPKning 381-moddasi tartibida tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, N.T.ning 2018 yil 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi katta tezkor vakili San'at Umarov tomonidan tahqirlanib, yechintirilgani xabari jamoatchilik orasida katta rezonans keltirib chiqargandi.

Xususan, bu voqeadan so‘ng Bosh vazir o‘rinbosari, respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva N.T.ning Kattaqo‘rg‘on tumanidagi xonadonida bo‘lib, shaxsan undan xabar olgan edi.

2018 yilning 21 noyabrida JIB Samarqand viloyat sudi tomonidan S.Umarovga 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 6 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan hamda jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan edi.

2018 yilning 19 dekabrida N.T.ga JIB Oqdaryo tuman sudi tomonidan JIB Ishtixon tuman sudining 2017 yil 11 maydagi hukmi bilan tayinlangan jazoning shartliligi bekor qilinib, uning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan hukmlar majmui bo‘yicha uzil-kesil o‘tash uchun 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan edi.

Ozodlikni cheklash jazosiga ko‘ra, sudlanuvchiga quyidagilar taqiqlanadi:

  • yashash joyidan har kuni kechqurun soat 23:00dan ertalab soat 06:00gacha chiqish;
  • ozodlikni cheklash davomida muayyan joylarga, ya'ni, kafe, bar va restoranlarga borish;
  • uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirish;
  • alkogolli ichimliklar iste'mol qilish.

Bo‘lib o‘tgan voqeadan xulosa qilish mumkinki, N.T. Oqdaryo tuman sudi tomonidan o‘ziga belgilangan jazoning kamida ikkita bandini buzish, shuningdek, o‘z uyini soat 06:00dan avval tark etish va spirtli ichimlik iste'mol qilganlikda gumonlanmoqda.

Top