16:00 / 23.02.2019
27419

O‘zbekistonda yangi telekanal tashkil etish taklif qilindi

Foto: Pixabay

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “Biznes telekanali”ni tashkil etish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tadbirkorlarning faoliyatini to‘liq yoritadigan, biznes sirlarini o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan, tadbirkorlik sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtiradigan maxsus telekanal mavjud emas. 

“Agar tadbirkorlik sohasiga bag‘ishlangan maxsus telekanal tashkil etilsa va uning dasturlari faqat shu yo‘nalishda bo‘lsa, tadbirkorlar bir-birlarini yanada yaqinroq tanishardi, mahsulotlarni reklama qilish uchun qulaylik bo‘lardi”, - deyiladi petitsiyada. 

Bildirilishicha, maxsus telekanal orqali o‘z mahsulotlarini va ishlab chiqarish jarayonlarini efirga uzatishlari mumkin bo‘ladi. Bu telekanalning tashkil etilishi xorijiy investitsiyalarni ham kengroq jalb etishga, xorijlik tadbirkorlarning e'tiborini yanada tortishga xizmat qilishi mumkin.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, maxsus “Biznes telekanali”ni tashkil etishni taklif qilaman”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda maktablarga kirish va chiqish joylari bo‘yicha petitsiya paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top