00:47 / 24.02.2019
5475

AQShda kosmik yo‘lovchi bilan suborbital parvoz amalga oshirildi 

Foto: Virgin Galactic

AQShning Virgin Galactic kompaniyasi kemasi bortida yo‘lovchi bilan tarixdagi ilk parvozni amalga oshirdi. Bu haqda kompaniya tvitterdagi sahifasida ma'lum qilib, parvozning videosini ilova qilgan.

WhiteKnightTwo samolyot-tashuvchi yordamida SpaceShipTwo kemasi Kaliforniyadagi Moxava cho‘lidagi aerodromdan uchgan.  

Kema bortida ikki uchuvchi va bir yo‘lovchi – astronavtlarni tayyorlash guruhi rahbari Bet Mozes bo‘lgan. Kema tajribalar uchun NASA’ning 4 ta qurilmalar to‘plamini ham olib chiqqan.

Ta'kidlanishicha, SpaceShipTwo o‘zi uchun rekord – 89,9 km balandlikka ko‘tarilgan va Yerga muvaffaqiyatli qaytgan. 

Kemaning ushbu parvozi u 80 kmlik balandlikdan yuqoriga chiqqan 2-holdir. Ilk parvoz dekabrda amalga oshirilgan. Ta'kidlanishicha, o‘shanda kema 82,7 km balandlikka ko‘tarilgan.

Britaniyalik milliarder Richard Brensonga tegishli Virgin Galactic muntazam asosda orbitaga sayyohlarni olib chiqmoqchi. Kemada yo‘lovchilar vaznsizlikni his qilishlari va sayyoramizni koinotdan ko‘rishlari mumkin bo‘ladigan 2 soatlik parvoz 250 ming dollarga yaqinni tashkil qiladi. Kema bortiga 2 uchuvchi va 6 kosmik sayyohni olishi mumkin.

Mavzuga oid
Top