20:30 / 24.02.2019
30781
Rossiyaga muhojirlar oqimi keskin kamaydi
Foto: Mixail Pochuyev / TASS

2018 yilda Rossiyaga keluvchi mehnat muhojirlari soni kamaydi va 2013 yilgi minimumni takrorladi. Migratsion oqim esa (keluvchilar va ketuvchilar o‘rtasidagi farq) 2005 yilgi minimumgacha pasaygan. Bu haqda Rosstat ma'lumotlarida keltiriladi.

Ma'lum qilinishicha, 2018 yilda Rossiyaga 565 mingga yaqin mehnat muhojiri kelgan. Migratsion o‘sish bo‘yicha birinchi o‘rinda Tojikiston qayd etilgan.

Avvalgi 4 yil davomida Rossiyaga migratsiya oqimi bo‘yicha asosiy donor Ukraina bo‘lgandi. Ammo 2018 yilda Rossiyaga keluvchi ukrainlar soni keskin kamaygan va Ukraina bu borada uchinchi ko‘rsatkichni qayd etgan (+14822 kishi). Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni Tojikiston (+31031 kishi) va Qozog‘iston (+26520 kishi) band etgan.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda O‘zbekiston qayd etilgan, RF IIV ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yilda 4,5 million nafar atrofidagi o‘zbekistonlik mehnat muhojiri sifatida ro‘yxatdan o‘tgan (bir kishi bir yilda 4 martagacha hisobga kirishi va chiqishi mumkin - tahr.), 3,25 million kishi hisobdan chiqqan (saldo - 1,25 million kishi). Ikkinchi o‘rinda Tojikiston qayd etilgan: 2,33 million kishi ro‘yxatdan o‘tgan, 1,53 million kishi hisobdan chiqqan (saldo - 800 ming kishi).

RBK materialida qayd etilishicha, migratsion oqim pasayishi - Rossiya mehnat muhojirlari uchun «jozibadorligini yo‘qotgani» bilan izohlanmoqda. Xususan, ukrainaliklarning Rossiyaga oqimi ko‘rsatkichlari pasayishiga Ukraina janubi-sharqidan majburiy migratsiya to‘xtagani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

2018 yilda Rossiyani 440 ming kishi tark etgan, bu esa keyingi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu miqdor nafaqat Rossiya pasportiga ega kishilarni, balki Rossiyada yashab kelgan mehnat muhojirlarini ham o‘z ichiga oladi.

Ma'lumot uchun, Rossiya Federal migratsiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yilda Rossiyada 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik bo‘lgan. 2016 yilning yanvarida esa Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari soni kamayishda davom etayotgani va ularning soni 1,78 millionga yaqinni tashkil etishi aytilgandi.

Top