14:21 / 24.02.2019
7659

Xalq ta'limi vazirligi maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

2019 yildan boshlab Xalq ta'limi vazirligi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida loyihalarni amalga oshirishni boshladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, “Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi” loyihasi o‘tkazilishi rejaga kiritildi.

Loyiha maktablarda o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va ijobiy psixologiya metodini o‘qitish orqali bullingning oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.

2019 yilning iyul oyiga qadar ijobiy psixologiya metodi Toshkent shahridagi to‘rtta maktabda hamda Nukus, Buxoro, Samarqand va Namangandagi Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida sinovdan o‘tkaziladi.

Asosiy e'tibor maktablarda ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, o‘qituvchi va psixologlar uchun tashkil etilgan trening va mashg‘ulotlar orqali stressni yengib o‘tishiga ko‘mak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha o‘qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarining oldini olishda yordam beradi.

Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa ijobiy psixologiya metodi Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarining o‘qituvchilar va psixologlarini o‘qitish dasturlariga joriy etish rejalashtirilgan.

Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQShlik professor Lori Vulf ishtirok etadi. U ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi hamda bolalar va o‘qituvchilar o‘rtasida stressni boshqarish, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert hisoblanadi.  

Yanvar oyida vazirlik YuNeSKO bilan hamkorlikda umumiy o‘rta maktablarda zo‘ravonlikni oldini olish loyihasini amalga oshirishni boshladi. Loyiha 2019-2020 yillarda amalga oshiriladi va zo‘ravonlikning oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv materiallari O‘zbekiston sharoitiga va qonunchiligiga moslashtiriladi. 

Shu bilan birga, XTV @xtvabbot botini ishga tushirgan bo‘lib, bot yordamida ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilarning zo‘ravonlik va agressiyaga oid savollariga javob berilmoqda.

Top