16:12 / 25.02.2019
13470

O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi bo‘yicha loyiha taqdimotini tayyorlashga kirishdi

Xabar berib o‘tganimizdek, shu kunlarda Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Saboh yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi. Unga tashrif davomida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, OOK Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon va OOK kotibi Lyusen Alvarez hamrohlik qilmoqda.

Bugun, 25 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov ham ishtirok etdi. MOQ axborot xizmati xabariga ko‘ra, unda tomonlar 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonning Toshkent hamda Samarqand shaharlarida o‘tkazish masalalarini muhokama qilishdi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, yirik kompleks musobaqa uchun yangi sport inshootlari va Olimpiya shaharchasini qurish, logistika, qulay transport marshruti, yuqori saviyadagi tadbirlarni tashkil qila olish mexanizmi, o‘yinlar translatsiyasi va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilishicha, XXI Osiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun O‘zbekistondan tashqari Qatar, Hindiston va Filippin kabi mamlakatlar da'vogarlik qilishmoqda.

«Uchrashuv davomida OOK prezidenti O‘zbekistonda Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun imkoniyatlar yuqoriligi, mamlakat hattoki bu bo‘yicha yetarli ustunliklarga ega ekanligini aytib o‘tdi. Martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar va sportga qaratilayotgan e'tibor bu borada muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston bungacha Osiyo o‘yinlarini qabul qilmaganligi, bu esa musobaqa geografiyasini oshirishga hizmat qilishi va ushbu kurashda mamlakatimizning imkoniyatlarini yaxshigina oshirishini qayd etib o‘tdi», – deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Osiyo Olimpiya Kengashining navbatdagi Assambleyalaridan birida Osiyo o‘yinlari-2030 mezbonligi bo‘yicha o‘z taqdimotini o‘tkazishiga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, OOK prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh kecha, 24 fevral kuni Toshkentga kelgandi. Tashrif davomida unga Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, OOK Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon va OOK kotibi Lyusen Alvarez hamrohlik qilmoqda.

Avvalroq Osiyo o‘yinlarida o‘zbek kurashi bo‘yicha 7ta emas, 17ta medallar jamlanmasi o‘ynalishi e'lon qilingandi.

Top