20:33 / 25.02.2019
10613
Tramp rejissyor Spayk Lining “Oskar”dagi nutqiga javob qaytardi
Foto: Danny Moloshok / Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda rejissyor Spayk Lining “Oskar” taqdimotidagi nutqini tanqid qildi.

Spayk Li suratga olgan “Qora klanchi” filmi eng yaxshi adaptatsiya qilingan ssenariy uchun “Oskar” oldi. Film bo‘lgan voqealar asosida olingan bo‘lib, unda 1970-yillarda “Ku-kluks-klan” tashkilotiga yashirincha qo‘shilib, uning safiga yahudiy hamkasbini jo‘natgan afroamerikalik politsiyachi haqida so‘zlangan. 

Spayk Li mukofotni olish vaqtida nutqini bir nechta g‘ijimlangan varaqlardan o‘qib bergan va unda AQSh tarixidagi quldorlik davriga murojaat qilib, o‘z bobo-buvisini hamda “genotsidga qaramay, bu mamlakatni qurishga yordam bergan ajdodlarini” esga olgan.   

“2020 yilgi prezident saylovlariga ozgina vaqt qoldi. Keling birlashaylik! Muhabbat va nafrat o‘rtasida tanlov qiling. Keling to‘g‘ri yo‘l tutaylik!”, deb chorlagan rejissyor zalda yig‘ilganlarni va “Nimani nazarda tutayotganimni tushunmoqdasiz”, deb qo‘shimcha qilgan. U o‘z nutqida Donald Tramp ismini tilga olmagan.

“Agar Spayk Li afroamerikaliklarga istalgan prezidentdan ko‘proq ish qilgan prezidentga o‘z irqiy zarbasini berayotganda o‘z yozuvlarini o‘qib bera olganda yoki undan ham yaxshisi, bu yozuvlardan umuman foydalanmaganda yaxshiroq bo‘lardi”, deb yozgan Tramp. AQSh prezidenti sud tizimi islohotlari, ishsizlikning tarixiy eng past ko‘rsatkichlari, soliqlar qisqarishi haqida gapirayotganini ta'kidlab o‘tgan. 

The Washington Times nashrining yozishicha, Tramp prezidentligi vaqtida lotin amerikaliklar va afroamerikaliklar mavqei yaxshilanganini bir necha marotaba takrorlab o‘tgan. Nashrning yozishicha, AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosi rasmiy statistikasiga ko‘ra, vaziyat haqiqatan ham shunday. 

Biroq Trampni tanqid qiluvchilarning ta'kidlashicha, statistik ma'lumotlarni baholashning turli usullari mavjud va Tramp aytayotgani ko‘proq lotin amerikaliklarga taalluqli bo‘lib, boz ustiga ularning turmush tarzi Tramp prezident bo‘lishidan oldin o‘sa boshlagan.

Top