18:15 / 26.02.2019
2628
Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida “Nodavlat notijorat tashkilotlar Klubi” ish boshlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida jamoatchilik asosida faoliyat olib boruvchi “Nodavlat notijorat tashkilotlar Klubi” tashkil etildi. Kun.uz muxbiri Qo‘mita matbuot xizmatidan olingan ma'lumotlar asosida shu haqida xabar berdi.

Bugun, 26 fevral kuni Toshkent shahridagi “Wyndham” mehmonxonasida Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini mustahkamlash maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirokida respublika ayollar forumi o‘z ishini boshladi. Unda davlat tashkilotlari va vazirliklar, nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) vakillari, hududiy Xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbir doirasida NNT vakillari ishtirokida bir qator masalalarni muhokama qilinmoqda. Tadbir davomida NNTlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik dasturi ishlab chiqiladi hamda muhokamaga qo‘yilib tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida jamoatchilik asosida faoliyat olib boruvchi “Nodavlat notijorat tashkilotlar klubi” tashkil etildi, uning faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi.

Klub zimmasiga NNTlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashish, ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish, ayollar va bolalar masalalarida duch kelayotgan muammolarda NNTlarning rolini oshirish vazifasi yuklandi.

Forumning birinchi kunida ayollar sohasida faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik strategiyasini ishlab chiqilishi bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi.

Ertaga, ikkinchi kunda esa ishlab chiqilgan muhim natijalar bo‘yicha, kengaytirilgan tarkibda taqdimotlar va muhokamalar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Forum yakunida xotin-qizlar sohasida faol bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlari taqdirlanadi.

 

 

 

 

 

 

Top