18:58 / 27.02.2019
16214
AQSh O‘zbekiston bilan munosabatlarining asosiy parametrlarini ma'lum qildi

Ayni paytda Markaziy Osiyoning to‘liq salohiyatini tiklash vaqti keldi. O‘zbekiston tarixning muhim bir burilish pallasida turibdi. U Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p mamlakat, bu yerda nimaiki sodir bo‘lsa, u nafaqat shu xalq, balki butun mintaqa va undan tashqaridagi hudud kelajagini ham belgilab beradi, deb fikr bildirdi AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi birinchi o‘rinbosari Elis Uells.

27 fevral kuni AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi birinchi o‘rinbosari Elis Uells Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida nutq so‘zlab, Qo‘shma Shtatlar uchun O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi naqadar muhimligini tushuntirib o‘tdi. 

«Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston qanday qilib eng yaxshi yo‘ldan foydalanib, birgalikda oldinga siljishini tushunish uchun, bizning mushtarak ustuvor vazifalarimiz nimalarda ko‘rinishini anglab olmoq lozim. AQShning O‘zbekistonga nisbatan siyosati besh ustunga asoslanib, ular Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston uchun belgilab bergan ustuvorliklar bilan hamohangdir», – deydi u. 

Elis Uellsning aytishicha, 1991 yildan buyon bo‘lgani kabi, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. 

«Amerikaliklar uchun mustaqillikdan ham qadrliroq hech narsa mavjud emas, chunki u har bir insonning yashash, ozod va baxtli bo‘lishday ajralmas huquqini ta'minlaydi. O‘zbekistonda biz fikrlar hamohangligini ko‘rmoqdamiz – bu xalq tashqi bosimlarga qarshi mardona turgan, xorijiy kuchlarga qaramlikdan qochgan, o‘z yo‘lidan og‘ishmaydigan, siyosati va ustuvorliklarini o‘zi belgilaydigan hamda ittifoqchilarini o‘z xohishiga ko‘ra tanlaydigan xalqdir», – deydi AQSh davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari.

AQSh vakili shu ma'noda Mirziyoyevning ilg‘or, mintaqa uchun namuna bo‘lgulik «eng avvalo qo‘shnilar» siyosatini yuqori baholashini bildirdi. Uells AQSh O‘zbekistonda barqaror o‘sish va iqtisodiy farovonlikni ilgari surishga ham sodiqligini tasdiqladi. 

«Biz xorijiy sarmoya kirishiga xayrixohlik bildirib, uni qo‘llab-quvvatlaydigan ochiq, shaffof bozor iqtisodini yaratishga qaratilgan islohotlarni olqishlaymiz. Shuni mamnuniyat bilan qayd etishim kerakki, 2018 yil oktabr oyida O‘zbekistonda birinchi bor  USAID homiyligida Markaziy Osiyo savdo forumi o‘tkazilib, uning natijasida 56 million dollardan ortiq savdo kelishuvlari imzolandi», – deydi u.

AQSh Davlat departamenti vakilasi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishday intilishlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonning intellektual mulk huquqini himoya qilish sohasida yana muhim uchta shartnomaga qo‘shilganini olqishladi. 

«AQShning O‘zbekistondagi siyosatining uchinchi ustuni shuki, har ikki mamlakat mintaqaviy barqarorlikni ta'minlash va terrorizmga qarshi kurashda yakdildir. Shu maqsadda xavfsizlik sohasidagi hamkorligimiz keyingi ikki yil ichida ancha faollashdi, u 300 dan ortiq minadan himoya qiluvchi avtomobil vositalari yetkazib berishdan boshlanib, xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik va Prezident Mirziyoyev hukumati uchun asos bo‘lish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi», – deb qo‘shimcha qiladi Uells.

Amerikalik diplomatning ta'kidlashicha, prezidentlar uchrashuvi natijasida AQSh Mudofaa vazirligi O‘zbekistondagi xavfsizlik dasturini zamonaviylashtirishga yordam berish yo‘llarini ko‘zdan kechirish maqsadida O‘zbekistonga maxsus missiya yubordi. General Votelning mudofaa sohasi rahbarlari bilan uchrashuvidan sal o‘tmay, AQSh Davlat departamenti delegatsiyasining tashrifi boshlandi. 

«Yaqinda biz ekstremistlar Markaziy Osiyo xalqlarini o‘z domiga og‘dirishga urinish yo‘llarini o‘rganishga qaratilgan loyihani ishga tushirdik. Biz ham ikki mamlakat vatandoshlarini himoya qilish yo‘lida huquqni muhofaza qilish tashkilotlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga umid qilamiz», – deydi AQSh davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari.

AQSh O‘zbekiston bilan munosabatlarining to‘rtinchi ustuni sifatida – qonun ustuvorligi, inson huquqlari, asosiy erkinliklarni hurmat qilish, deb biladi. Diplomat inson huquqlari va asosiy erkinliklari, jumladan din erkinligini ta'minlash va majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha O‘zbekiston amalga oshirgan ishlarni e'tirof etdi. 

AQShning O‘zbekistondagi siyosatiga oid oxirgi ustun shuki, Qo‘shma Shtatlar barcha davomiy va ma'noli munosabatlar oddiy xalq o‘rtasidagi aloqalar ustiga o‘rnatilganini e'tirof etadi.

«Biz kun bo‘yi albatta muhim sanalgan murakkab tashqi siyosat masalalari haqida gaplashishimiz mumkin. Kun so‘ngida esa anglaymizki, ikki buyuk mamlakatlarimizning xalqlari o‘rtasida bog‘lagan o‘zaro do‘stlik rishtalari chindan ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan ta'limiy va madaniy almashuvlarni kuchaytirishga katta kuch sarflaydi», – deya ta'kidlaydi u. 

Uellsning aytishicha, tinchlik korpusining O‘zbekistonga qaytishi muhim va davomiy sanalmish xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish hamda ingliz tili o‘qitishni kengaytirishga imkon yaratgan bo‘lardi. 

«Tinchlik korpusi ko‘ngillilari oddiy amerikaliklar bo‘lib, ular sizning tarixingiz va madaniyatingizni o‘rganish, shu bilan birga amerikacha madaniyatni siz bilan bo‘lishishga astoydil qiziqqan kishilardir.  Bu ikki mamlakatlarimiz uzoq muddatli do‘stlik va hamkorlik uchun xalqlarimiz o‘rtasida yanada kuchliroq aloqalarni o‘rnatish yo‘lida qo‘ygan ko‘plab qadamlarning biridir», – deydi u.

Top