14:45 / 27.02.2019
14136

Toshkentdan Dehliga uchgan samolyot manzilga yetib bordi. Hindistonga keyingi reyslar bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy keskinlik yuzaga kelishi oqibatida aviakompaniyalar, jumladan, Uzbekistan Airways Pokiston havo kengliklari orqali uchishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Bugun Toshkentdan Dehliga soat 7:55da uchgan samolyot, Kashmirda eskalatsiya yuzaga kelishidan avvalroq Pokiston havo kengligidan o‘tib, belgilangan vaqtda, soat 11:25da Dehlidagi aeroportga qo‘ndi.

Ammo shu kuni keyinroq, soat 9:40da Toshkentdan Hindistonning boshqa bir shahri Amritsarga parvoz qilgan samolyot Pokiston o‘z havo kengligini yopishi tufayli ortga qaytib, soat 12:35da Toshkentga qo‘ndi (Boeing 767 rusumli mazkur samolyot rejaga ko‘ra soat 12:40da Amritsarga qo‘nishi belgilangandi). 

O‘z navbatida, Rossiya Airlines’ning Moskvadan Bangkokka uchayotgan reysi ham parvozni to‘xtatib, Toshkentga qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni vaqtda Hindistonga parvozlarni amalga oshirish uchun aylanma yo‘nalishlarni ishlab chiqish masalasi hal etilmoqda.

Aviakompaniya saytidagi reyslar jadvaliga ko‘ra, hafta oxirigacha O‘zbekistondan Hindistonga 2 yo‘nalish bo‘yicha jami 5ta reys belgilangan: Toshkentdan Dehliga 1 mart, juma kuni (00:05da), 2 mart, shanba kuni (08:05da) va 3 mart, yakshanba kuni (23:00da), Toshkentdan Amritsarga 1 mart juma kuni (00:30da) va 2 mart, shanba kuni (08:05da). Shuningdek, hafta davomida Hindistondan O‘zbekistonga samolyotlar qaytishi kerak.

Hafta davomida Toshkentdan Pokistonning Lahor shahriga ham ikkita reys belgilangan: 1 mart, juma kuni (00:15da) va 2 mart, shanba kuni (09:20da).

14 fevral kuni Kashmirda 45 nafar hindistonlik harbiy o‘limiga olib kelgan, Pokistonda harakatlanuvchi «Jaishi Muhammad» guruhi tomonidan sodir etilgan teraktdan keyin Pokiston va Hindiston o‘rtasida siyosiy taranglik yuzaga keldi. 

26 fevral kuni Hindiston hukumati «Jaishi Muhammad» terrorchilik tashkilotining Pokiston hududidagi lagerlariga zarba berdi. 

Shu kuni Pokiston tomoni hind harbiy samolyotlari mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tganini tasdiqladi, biroq Hindistonning «yuzlab terrorchilar yo‘q qilindi» degan bayonotini rad etdi. 

27 fevral kuni esa Pokiston Kashmirning o‘z nazorati ostidagi qismida Hindistonning ikkita harbiy samolyotini urib tushirganini e'lon qildi. Pokiston Qurolli kuchlari vakili Asir G‘ofurning ma'lum qilishicha, hujumga uchragan samolyotlardan biri Kashmirning Hindiston qismiga qulagan, ikkinchisi esa Pokiston tarafga. Uchuvchilardan biri katapulta qilishga ulgurgan va yerga tushishi bilan qo‘lga olingan.

Ko‘p o‘tmay, Hindiston harbiy-havo kuchlari Pokistonga qarashli bo‘lgan F-16 ko‘p nishonli qiruvchi samolyoti urib tushirilganini ma'lum qildi. 

Ayni vaqtda ikki mamlakat ham o‘z havo kengliklarini parvozlar uchun yopib qo‘ygan. Pokiston ayni vaqtda Lahor, Sialkot, Feysalobod, Mo‘lton va Islomobod aeroportlarini, Hindiston esa Amritsar, Srinagar, Jammu va Chandigarh aeroportlarini yopdi.

Mavzu
Kashmir mojarosi
14 fevral kuni Pokiston hududida o‘rnashgan «Jaysh-e-Muhammad» terrorchi guruhi Kashmirda Hindiston armiyasi harbiylari kolonnasi o‘tayotgan yo‘lda terakt sodir etishi natijasida 46 nafar hind harbiysi halok bo‘ldi. Bu voqea ortidan Pokiston va Hindiston munosabatlarida mojaro yana avj oldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top