13:00 / 28.02.2019
13531

Nig‘matilla Yo‘ldoshev: darsliklar qator o‘zgartishlar bilan marhumlar nomidan chop etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev marhumlar nomidan darslik kitoblari chop etilayotgani haqida gapirdi.

«7-sinf «O‘zbekiston tarixi» darsligining muallifi A.Muhammadjonov 2016 yilda vafot etgan. Biroq, uning darsligidagi barcha mavzular qayta ishlangan, 6ta mavzu yangidan yozilgan va darslik 2017 yilda marhum muallif nomidan qayta nashr etilgan», - deya raisning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, darsliklarning tender savdolari orqali g‘olib bo‘lgan turli nashriyotlarda nashr etilishi o‘quv materialining uzviyligi, uyg‘unligi va izchilligini, shuningdek, predmetlararo aloqaning bog‘liqligini ta'minlashga to‘siq bo‘lmoqda.

«Darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumliklar va nomuvofiqliklar ko‘payib ketgani o‘qituvchi va o‘quvchilarni chalg‘itmoqda. Jumladan, 8-sinf «O‘zbekiston tarixi» darsligining 21-mavzusida Xiva xonligida hunarmandchilikning 27 sohasi mavjud bo‘lgani xaqida yozilsa, shu darslikning 24-mavzusida mazkur xonlikda hunarmandchilikning 50dan ortiq turi mavjud, deb ma'lumot berilgan.

8-sinf «Jahon tarixi» darsligining 12-mavzusida Angliyada monarxiyaning qayta tiklanish davri, deb 1660 yil ko‘rsatilgan bo‘lsa, aynan shu darslik oxirida keltirilgan muhim tarixiy sanalarda bu davr 1688 yil deb ko‘rsatilgan», - deya qayd etdi Yo‘ldoshev.

Uning aytishicha, bunday misollarni boshqa fanlar bo‘yicha darsliklarda ham ko‘plab uchratish mumkin.

Senat yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasining qarori talablariga zid ravishda umumiy o‘rta ta'limning o‘quv dasturi tayanch o‘quv rejaga nomuvofiq tarzda va amaliyot bilan bog‘lanmagan holda ishlab chiqilgani ta'kidlandi.

«Masalan, 1-sinf «Yozuv daftari»da ayrim harflar «Alifbe» darsligida o‘tiladigan vaqtga to‘g‘ri kelmaydi. 3-sinf «Ona tili» darsligini bolalar o‘quv yili tugamasidan ancha oldin o‘qib bo‘lmoqda», - deya so‘zlarini dalillagan Yo‘ldoshev.

Ma'lum qilinishicha, 10-sinf «Biologiya» darsligining kamida 12 soatlik darslarda o‘qitilishi lozim bo‘lgan butun boshli boblar bitta 45 daqiqali darsda o‘tilmoqda.

«Aksariyat hollarda, darsliklar nazariyotchi olimlar tomonidan amaliyotdan yiroq holda yaratilmoqda. Ushbu jarayonga tajribali maktab o‘qituvchilari yetarli darajada jalb etilmayapti.

Oqibatda, nazariyaga ortiqcha «botib» ketgan ayrim mavzular va topshiriqlar o‘quvchilar yoshiga nisbatan o‘ta murakkab tarzda bayon etilmoqda, ularni o‘zlashtirish g‘oyat og‘ir yoki amalda umuman mumkin emas. Masalan, 1-sinf o‘quvchilariga ilk o‘quv yilining boshidanoq turli harflardan iborat so‘zlarni topish mashqlari berilgan. Oqibatda murg‘ak bola hali tanimagan harfini yozishga, ulardan yozma so‘z tuzishga «majburlanmoqda».

3-sinf «Matematika» darsligining 70-betida, qavsdan chiqarish amallari o‘rgatilmagan bo‘lsa-da, 9 yoshli bolaga qo‘shqavsli murakkab tenglamani yechish topshirig‘i berilgan. Bunday misollarni 3-sinf matematika, 5-sinf geogra-fiya va 7-sinf «Fizika» fanlari bo‘yicha darsliklardagi murakkab topshiriqlardan ham keltirish mumkin», - deydi rais.

Bundan avvalroq, keyingi 3 yilda O‘zbekistonda Davlat budjeti va maqsadli kitob jamg‘armasining qariyb 307 milliard so‘m mablag‘i evaziga 98 million nusxadan ortiq darsliklar chop etilgani ma'lum qilingandi.

Top