19:06 / 28.02.2019
17971

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod shaxsning 15 nafar ishonchli vakili bo‘lishi mumkin – yangi kodeks

Foto: anons.uz

Saylov natijalariga ta'sir ko‘rsatish maqsadida nomzod yoxud siyosiy partiya to‘g‘risida ataylab yolg‘on ma'lumotlarni e'lon qilish bilan bog‘liq harakatlar sodir etish ham ma'muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishiga olib keladi. Bu haqda Senatning yalpi majlisida nutq so‘zlagan senator ma'lum qildi.

28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XVIII yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Kun tartibida «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»​gi O‘zbekiston qonuni ham ko‘rib chiqildi.

Ta'kidlanishicha, saylash va saylanish fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqlaridan biri bo‘lib, ushbu huquqlar jinoyat qonunchiligi bilan ham muhofaza qilinadi. 

Yangi kodeksga muvofiq, muddatidan oldin ovoz berish amaldagi tartibga ko‘ra saylovga 1 kun qolganda emas, balki 3 kun qolganda tugatish belgilandi.

Shuningdek, siyosiy partiyaning u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan 15 kun qolganida bekor qilish huquqiga ega ekanligi o‘rnatildi.

Tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, ya'ni – ularni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e'tiboran boshlanishi aniq ko‘rsatildi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari sonini 3 nafardan 5 nafargacha ko‘paytirish mumkinligi nazarda tutilgan.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod 15 nafarga qadar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod 10 nafarga qadar, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod 5 nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod 3 nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli ekanligi belgilandi.

Saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan 1 kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e'lon qilish taqiqlandi.

Ma'lumot uchun, hozirgi vaqtda Fransiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Armaniston, Ozarbayjon, Bolgariya, Gruziya singari 40ta davlat o‘zining yagona Saylov kodeksiga ega.

Top