09:06 / 28.02.2019
16055

O‘zbekistonda valutaga oid munosabatlarni takomillashtirish taklif etildi

Foto: Pinterest

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida valutaga oid munosabatlarni takomillashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, respublikada bank-kredit sohasini rivojlantirish bo‘yicha jadal islohotlar amalga oshirilib, aholiga qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, ko‘plab joylarga bankomatlar qo‘yilib, naqd pulni yechib olish imkoni yaratildi, valuta bozorini liberallashtirish va uning noqonuniy oldi-sotdisini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Hozirgi kunda fuqarolardan bank kassalarida valuta qabul qilinib, erkin ravishda ayirboshlash amalga oshirilmoqda. Biroq bu harakatlar bir tomonlama bo‘lib, banklar amalda faqat valuta mablag‘larini olish bilangina cheklanib, fuqarolarga erkin ravishda sotmayapti. Shuningdek, banklarda ayirboshlash tezkor ravishda yo‘lga qo‘yilmaganligi, ayrim banklar (kassalar) hali xam ayirboshlash bilan shug‘ullanmayotganligi sababli fuqarolar “qora bozor”ga murojaat qilishga majbur bo‘lishmoqda. 

“Mazkur holatni bartaraf etish uchun jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida litsenziya asosida valutani ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanishga (turg‘un shoxobchalar orqali) ruxsat berish lozim. Mazkur faoliyat natijasida “BANK - YaTT - FUQARO” zanjiri paydo bo‘ladi va amalda bir qator muammolarni hal qiladi. Birinchidan, iqtisodiyotga milliardlab zarar keltiradigan “qora bozor” o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi. Ikkinchidan, barcha “qora bozor” ishtirokchilari faoliyatini qonuniylashtiradi va soliq to‘lovchilarga aylanadi. Uchinchidan, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. To‘rtinchidan, valutaning bankdan tashqari aylanishiga barham beriladi. Beshinchidan, valuta bozorida sog‘lom raqobat yuzaga keladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Bildirilishicha, buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga “valutani ayirboshlash” faoliyatini kiritish zarur. Shuningdek, ushbu faoliyat uchun soliq stavkalarini belgilash, bunda soliq miqdori adolatli bo‘lishiga e'tibor qaratish kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq notarial harakatlarni masofadan turib amalga oshirish taklif etilgandi.

Top