16:52 / 28.02.2019
14563
Samarqandda ikki kishining o‘limi bilan tugagan zaharlanish holati haqida rasmiy ma'lumot berildi
Foto: EPA

Urgut tuman Tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasiga 2019 yil 22 fevral kuni soat 22:10 dan 23 fevral kuni soat 12:00 ga qadar Urgut tuman Urgut shaharchasi Katta Torinjak mahallasidagi xonadonlardan birida yashovchi 8 nafar fuqaro “Botulizm” kasalligi tashxisi bilan yotqizilgan.

Respublika Davlat sanitariya- epidemiologiya nazorati markazi xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan dastlabki epidemiologik tekshiruv natijalarida aniqlanishicha, bemorlar 2019 yil 21 fevral kuni kechki soat 18:00larda o‘z xonadonlarida uy sharoitida tayyorlangan 3 litrli shisha idishdagi pomidor sharbatli bodring konservasini ochib, osh bilan iste'mol qilishgan.

Dastlab, 2019 yil 22 fevral kuni soat 22:10da 2003 yilda tug‘ilgan bemor shaxsiy mashinada shifoxonaga olib kelingan, shifokor ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng, ko‘ngil aynish, holsizlik, ko‘z oldi xiralashuvi, qovoqlar osilishi kabi kasallik belgilari bilan shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, so‘ngra qolgan bemorlar ham shifoxonaga olib kelingan.

Bemorlarga tegishli davolash muolajalari o‘tkazilgan, laboratoriyada tekshirish uchun biomateriallar olingan. O‘tkazilgan davolash ishlariga qaramasdan 2 nafar bemor (1949 yilda tug‘ilgan va 2003 yilda tug‘ilgan) vafot etgan. Qolgan 6 nafar bemorlar davolanmoqda.

Zaharlanish kelib chiqishiga xonadon egalari tomonidan tayyorlangan, botulizm qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan pomidor sharbatli bodring konservasi sabab bo‘lgan.

Qayd etilgan holat yuzasidan tibbiyot xodimlari tomonidan Katta Torinjak mahallasidagi 1154 ta xonadon o‘rganilgan, 4877 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvdan o‘tkazilgan. Xonadonlarda aniqlangan 644 litr uy sharoitida tayyorlangan turli xil sabzavotli konservalar aniqlanib, to‘kib tashlash yo‘li bilan yo‘q qilingan. Xonadonda konserva mahsulotlari tayyorlamaslik haqida hamda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini sotib olib iste'mol qilish inson hayoti va sog‘ligi uchun xavfli ekanligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.

Botulizmga chalinmaslik uchun har bir inson quyidagilarni amal qilishi kerak:

uy sharoitida pomidor, bodring, patisson marinadi, baqlajon ikralari kabi konserva mahsulotlarini tayyorlamaslik;

belgilanmagan joylar, ko‘cha-kuylarda sotilayotgan konserva mahsulotlarini xarid qilmaslik;

do‘konlardan konserva mahsulotlarini xarid qilish jarayonida mahsulot yorlig‘i va unda keltirib o‘tilgan ishlab chiqaruvchi korxona nomi, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddatiga alohida e'tibor berish.

Top