17:10 / 28.02.2019
17891

Toshkent shahri brendi tasdiqlandi

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi Qaror orqali poytaxt brendi (logotipi)ni tasdiqladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkent shahar hokimligi hamda Toshkent shahar ma'muriyati Jamoatchilik kengashi tomonidan o‘tkazilgan tanlov natijasiga ko‘ra, shaharning ochiq turgan oltin darvozalari va moviy osmoni bilan birgalikda “T” harfini ifodalagan ramz eng maqbul, deb topildi.

Yangi logotipdan O‘zbekiston va xorijda o‘tkaziladigan turistik ko‘rgazma hamda savdo yarmarkalarida, turistik obektlarda, xarita, bosma va elektron nashrlarda; sayyohlar uchun mo‘ljallangan esdalik sovg‘alari, libos boshqa mahsulotlarda, shuningdek Toshkent shahri turizmiga bag‘ishlangan reklama, videorolik, ko‘rsatuvlarda foydalanish mumkin.

Poytaxt brendini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov o‘tgan yili kuzda e'lon qilingan bo‘lib, unga tayyorgarlik ishlari iyulda boshlangan. Tanlov hay'ati a'zolari tarkibida Jamoatchilik kengashi vakillari, marketing, brending, dizayn sohasida O‘zbekiston, Rossiya, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlarida yetuk tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar faoliyat olib borishdi.

Loyiha maqsadiga binoan, poytaxtga investitsiyalarni jalb etishni oshirish, Markaziy Osiyodagi hududlar o‘rtasida hayot kechirish, investitsiya va turizm uchun eng qulay bo‘lgan mintaqa sifatidagi Toshkentning ijobiy qiyofasi belgilab olindi. Bir necha oy mobaynida ishlab chiqilgan brend “Toshkent — umumiy uyimiz” g‘oyasiga asoslangan.

Logotip bosh g‘oyasi tamoyillarida ochiq darvozalar tasviri orqali shaharning mehmondo‘stligi hamda bag‘rikengligi, shuningdek moviy osmon tasviri ramzi vositasida esa farovon va osoyishta hayot mohiyati singdirilgan. Belgining asosiy jihati shundaki, uni turli holatga moslashtirib qo‘yish, mavzu jihatdan bezak, tasvir va shaklga moslashtirish mumkin. Bu esa, uni shaharning turli joyi hamda tadbirlari – jamoat joylari, muzeylar, xizmat ko‘rsatish muassasalari, transport, ko‘rgazma, madaniyat tadbirlarida o‘rnatish imkoniyatini beradi.

“Toshkentga kelgan sayyohlar uning mehmondo‘stligi hamda barcha uchun ochiqligini ushbu ko‘rinish orqali tasavvur qilishadi. Shahardan qaytayotganda esa ularda har doim sevimli poytaxtning darvozalari barcha uchun doim ochiq bo‘lishi to‘g‘risida, qiziqarli jihatlari bilan iliq taassurot qoldiradigan yorqin xotiralar qoladi”, — deb tavsiflanadi brend.

Mavzuga oid
Top