19:24 / 01.03.2019
20672

Katta navbatlar va kam sonli xodimlar – Xorazm viloyati Davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga nazar

O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining dastlabki qadamlari tashlanganiga 15 yildan oshdi. 2003 yili tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha Inspeksiyalar tashkil qilingan edi. 2016 yil 1 yanvardan boshlab ularning negizida «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari tashkil etildi. 2018 yil 1 yanvardan ular Davlat xizmatlari markazlariga (DXM) aylantirildi.

Bugungi kunda aholi va ishbilarmonlar o‘zlariga zarur bo‘lgan turli ma'lumotnomalar, ruxsatnomalar, litsenziyalarni olish va boshqa ko‘plab xizmatlardan foydalanish uchun DXMga murojaat qilishlari mumkin. Endi siz turli idora va tashkilotlar eshigini taqillatib yurishingiz, rahbarlarining imzosi, muhrini kutib halak bo‘lishingiz shartmas. Bu xizmatlar DXM tomonidan, dushanbadan jumagacha, soat 9-00dan 20-00gacha, tanaffussiz ko‘rsatilmoqda. Albatta bu tizim aholining og‘irini yengil qilmoqda, uning hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratmoqda.

DXMni tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsad – jismoniy va yuridik shaxslarga yuqori sifatli, tezkor, shaffof xizmat ko‘rsatish, bu sohada byurokratiya, sansalorlik va eng asosiysi korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik edi.

Davlat xizmatlari ro‘yxatidan ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohasidagi xizmatlar, arxitektura va qurilish, FHDYo va notariat xizmatlari, huquqiy xizmatlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, kadastr, ijtimoiy xizmatlar, iqtisodiyot va moliya sohasidagi xizmatlar joy olgan. Ularning soni oy, yil sayin oshib bormoqda va yaqin kelajakda 700ga yetishi kutilmoqda.

Xo‘sh, bugungi kunda DXM qanday ishlayapti, ular bu xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatishga tayyormi, ularning kamchiligi va muammolari nimalardan iborat? – shu savollarga Xorazm viloyatining ba'zi tumanlaridagi DXM faoliyatini o‘rgangan holda javob izlashga harakat qildik.

Urganch shahridagi DXM, yangi qurilgan zamonaviy binoda joylashgan. Murojaatchilar uchun barcha qulayliklar mavjud: kutish zali, yumshoq o‘rindiqlar, maxsus kassa ishlab turibdi. Odam gavjum bo‘lsa-da, uzundan-uzun navbatlar yo‘q.

Davlat xizmatlarini olis joylarga borib ko‘rsatish uchun maxsus jihozlangan Isuzu avtobusi bor. Tumanlarga bu maqsad uchun Damas avtomobillari ajratilgan.

Qayd etish joiz, davlat xizmatlarining ba'zilari pullik asosda ko‘rsatiladi. Ularning qiymati aniq belgilangan. Xizmat pulini shu yerning o‘zida, maxsus kassada to‘lash mumkin. Bundan tashqari, plastik karta orqali, Click yoki Payme to‘lov tizimlari yordamida to‘lash imkoniyati ham mavjud, bu juda qulay.

Urganch tumanidagi DXM, murojaatchilar soni ko‘p, navbatlar uzun. Bu yerda 9 nafar xodim ishlamoqda, bir kunda 1000ga yaqin fuqaroga xizmat ko‘rsatilyapti. Har bir xodimga o‘rtacha 100dan ortiq murojaatchi to‘g‘ri kelmoqda, demak bir xodimga bo‘layotgan yuklama juda katta. Shu yilning may oyida DXM yangi binosi ishga tushirilishi rejalashtirilyapti. Xodimlar soni ham oshirilishi kutilmoqda.

Xiva tumani DXM, odam juda ko‘p, navbatlar uzun. 4 nafar xodim har kuni 300-400 murojaatchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda ham har bir xodim zimmasiga o‘rtacha 100 murojaatchi to‘g‘ri kelyapti. Shu yili DXM yangi binosi ishga tushirilishi rejalashtirilyapti. Xodimlar soni ham oshirilishi kutilmoqda.

Xiva shahar DXM, murojaatchilar soni ko‘p emas, navbatlar miqdori o‘rtacha. 4 nafar xodim kuniga 250-300 odamga xizmat ko‘rsatmoqda. Shu yili yozda DXM yangi binosi ishga tushirilishi rejalashtirilyapti. Xodimlar soni ham 8 nafarga yetkazilishi kutilmoqda.

Xonqa tumani DXM, odam gavjum, navbatlar uzun. 11 nafar xodim kuniga 1000dan ziyod murojaatchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Natijada, xodimlarga bo‘lgan yuklama og‘ir. May oyida yangi bino ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Xodimlar soni esa 23 nafarga yetishi kutilyapti.

Qo‘shko‘pir tumani DXM, odam gavjum, navbatlar o‘rtacha. 8 nafar xodim kuniga 300-400 murojaatchiga xizmat ko‘rsatyapti. Yangi zamonaviy bino aprel oyida ishga tushishi rejalashtirilgan.

Gurlan tumani DXM, odam gavjum, navbatlar uzun. 8 nafar xodim kuniga 150-200 murojaatchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Yozda markazning yangi binosi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, tumanlardagi DXMlarda ko‘zga tashlanadigan asosiy muammo – navbatlarning juda kattaligidir. Bu xodimlarning sekin ishlashi yoki texnik muammolar bilan emas, balki murojaatchilar sonining kundan-kunga oshib borayotgani bilan bog‘liq. 2016 yilda xizmatlar soni 15-16tani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 100ga yaqinlashdi. Deyarli har oyda DXMga yangi xizmat turlari qo‘shilmoqda, biroq xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni o‘zgarmayapti, sharoitlar yaxshilanmayapti.

Qayd qilish joizki, DXMga murojaat qilish uchun, shu yerga kelib, katta navbatlarda turish shartmas, unga davxizmat.uz veb-sayti orqali onlayn tarzda murojaat yuborish ham mumkin. Biroq, buning ham o‘ziga yarasha mushkuli bor: tizimdan foydalanish uchun kompyuter savodxonligi bo‘yicha puxta bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, OneID autentifikatsiya tizimida tasdiqlangan akkauntga ega bo‘lish, elektron raqamli imzo (ERI) kalitidan foydalangan holda murojaatni yuborishni bilish kerak. Bu siz uchun osonmi? Unda siz navbatda turib, halak bo‘lmaysiz, qimmatli vaqtingizni va mablag‘ingizni tejaysiz. 2019 yil 1 iyuldan boshlab DXM xizmatlaridan onlayn foydalanganda uning qiymatini 10 foiz arzon to‘lash imkoniyati ham paydo bo‘ladi.

Aslida ideal tarzdagi DXM shunday bo‘lishi lozim: murojaatchi deyarli barcha xizmat turlaridan masofadan turib, markazga kelmasdan, onlayn tarzda foydalanishi lozim. Ammo odamlarning kompyuter savodxonligi past ekani, tezkor va barqaror internet yo‘qligi va boshqa ko‘plab sabablar tufayli hozircha buni ta'minlash qiyin.

Agar siz kompyuterdan foydalanishni bilsangiz, ammo uyingizda kompyuter bo‘lmasa-chi? Buning ham yechimi taklif qilingan. DXMlarning barchasida maxsus infokiosklar o‘rnatilgan bo‘lib, undan ERI kaliti orqali bemalol foydalanish, kerakli ma'lumotnomani esa shu infokioskning o‘zida chop qilib olish imkoniyati mavjud.

Qayd qilish joizki, qisqa muddatli kuzatuv davomida infokioskdan foydalanayotgan birorta odamni uchratmadik. Balki bunga tizimdan foydalanishning birmuncha murakkabligi yoki ba'zi nosozliklar sabab bo‘layotgandir? Chunki, infokiosklarda my.gov.uz portali orqali eng oddiy xizmat turlaridan biri – soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini (STIR) aniqlab olishning imkoni bo‘lmadi. Bu esa tizimdagi xatolik bilan izohlandi.

STIRni aniqlash uchun davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz saytidan ham foydalanish mumkin. Shaxsan men buni bilaman, ammo bilmaydigan odamlarchi? Ular yana DXMda navbat kutib turishlariga, xodimlarning ish yuklamasini oshirishiga to‘g‘ri keladi.

Shu yilning aprel oyidan boshlab, Toshkent shahrida avtomototransport vositalarini ro‘yxatga olishni DXM amalga oshirishi e'lon qilindi. Agar tajriba o‘zini oqlasa, bu tartib barcha viloyatlarga joriy qilinadi. Bundan tashqari, Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirish ham DXM qoshida tashkil qilinishi reajalashtirilmoqda. Shubhasiz, bu DXMlarga murojaatchilar oqimining karrasiga ko‘payishiga, navbatlarning yanada uzunlashishiga sabab bo‘ladi.

Hozirgi kunda Xorazm viloyati tumanlarida DXMning yangi zamonaviy binolari qurilishi boshlab yuborilgan. 2020 yilga qadar ular foydalanishga toshirilishi, xodimlari soni oshirilishi, natijada murojaatchilar uchun yanada qulay va tez xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘lishi, uzundan-uzun navbatlarga barham berilishi kutilmoqda.

Xonqa tumani DXM yangi binosi loyihasi

O‘zbekistonda DXM faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi shubhasiz, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda oldinga tashlangan juda katta qadamlardan biri bo‘ldi. «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatilishi fuqarolarning, ishbilarmonlarning vaqtini, mablag‘ini tejamoqda, og‘irini yengil qilmoqda. Hozirgi kunda DXMlarga yuklatilayotgan xizmat turlari miqdori oshirilyapti, ammo fikrimcha, bunga monand ravishda xizmat ko‘rsatish sharoitlarining ham yaxshilanishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top